Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Xarkov viloyati shimoli-sharqiy hududlariga yangi hujum boshladi. Ukraina Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 10-may kuni ertalab soat 5:00 larda rossiyaliklar Volchansk yo‘nalishida “zirhli texnikalar ostida mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga uringan”.

“Ayni damda bu hujumlar qaytarildi va turli shiddatli janglar davom etmoqda”, — deyiladi Ukraina Mudofaa vazirligi xabarida. Frontning ushbu qismida mudofaani kuchaytirish uchun zaxira bo‘linmalari hozirlangan.

Yangi hujum to‘lqinini Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum artilleriya o‘qlari yordamida to‘xtatilgan. “Ertalab soat 7−8 da shiddatli artilleriya jangi bo‘lib o‘tdi. Hozirgi vaqtga kelib Rossiya hujumi to‘xtatilgan”, — dedi u.

Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) voqealarning bunday rivojlanishiga tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.

“Ukraina ularni hududda askarlarimiz, brigadalarimiz va artilleriyamiz bilan kutib oldi. Muhimi, ular bu yo‘nalishda kuchlarni ko‘paytirishi mumkin, ammo bizning harbiylarimiz, qo‘mondonligimiz buni bilgan va dushmanni o‘q bilan kutib olish uchun o‘z kuchlarini hisoblab chiqqan”, — dedi Ukraina rahbari.

Ukrainaning OSINT loyihasi bo‘lgan Deep State`ga ko‘ra, Rossiya harbiylari chegara bo‘ylab aholi gavjum hududlarga, jumladan, Streleche, Krasnoye, Pilnaya, Borisovka (Xarkov yo‘nalishi), shuningdek, Gatishe va Pletenevka (Volchansk tomoni) hududlariga “kirishga va mustahkam o‘rnashib olishga harakat qilmoqda”. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiya armiyasida chuqur oldinga siljish uchun yetarli qo‘shin yo‘q, “lekin bu manevr uchun asosiy kuchning qanchasidan foydalanishga tayyorligi noma’lum”.

Reuters agentligi Ukrainaning yuqori darajali harbiy manbasiga tayanib, Rossiya armiyasi UQKni Rossiya chegarasidan 10 kilometr nariga surib, bufer zona yaratishga harakat qilayotganini yozmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, rossiyaliklar Volchansk yaqinida 1 km oldinga siljigan.

Ukraina rasmiylari hudud boy berilganini inkor etmoqda. Harkov viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubov UQK “o‘z pozitsiyalarini ishonchli ushlayotgani”ni va “biror metr ham yo‘qotilmaganini” ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, butun front hududi uzoq vaqtdan buyon dushman texnikasi kirishi mumkin bo‘lgan “kulrang zona”ga aylangan.

Rossiyaning keskin kuchaygan o‘qqa tutishi munosabati bilan Ukraina hukumati Volchansk va uning atrofidagi hududlar aholisini ixtiyoriy ravishda evakuatsiya qilishni boshladi. Odamlar Harkovga olib ketilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi hujum haqidagi ma’lumotga hali rasman izoh bermadi.

  • Rossiya armiyasi Xarkov viloyatining chegara hududlarini keng ko‘lamli bosqinning avvalida qo‘lga kiritgandi, ammo UQK 2022-yil kuzidagi qarshi hujum paytida hududlarni qaytarib olgan.
  • The Economist avvalroq Rossiya Ukrainaning aholi soni bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lgan Harkovni yashash uchun yaroqsiz “kulrang zona”ga aylantirmoqchi ekanini yozgan edi. O‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab shaharni o‘qqa tutish kuchaygan.