6-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Bekor qilinayotgan 493 ta qaror orasida 1992-yil 24-iyulda qabul qilingan “Toshkent aeroportini ko‘chirish haqida”gi hujjat ham mavjud.

O‘sha paytda bu qarorni Vazirlar Mahkamasi raisi (Islom Karimov)ning birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov imzolagan.

Qarorda Toshkent shahrida qulay ekologik vaziyat yaratish, respublika tashqi iqtisodiy faoliyati kengayayotgan sharoitda aviatsiyada tashishning o‘sib borayotgan hajmini to‘laroq qondirish maqsad qilingani haqida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent aeroportining yangi manzili sifatida poytaxtdan 45 kilometr janubi-g‘arbda va Chinoz shahridan 12 kilometr shimolda joylashgan yer uchastkasi tanlangan.

Toshkent viloyati hokimligi uch oy muddat ichida (1992-yil oktabr) Qozog‘istonning Chimkent viloyati rahbariyati bilan aeroport kompleksining bir qismini Qozog‘iston hududida joylashtirish masalasini ishlab chiqish, muzokaralar natijasi bo‘yicha “Yangi” aeroporti qurilishi uchun yer uchastkasi ajratish va aniqlangan yer uchastkasi hamda unga tutash hudud chegarasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan kelishmasdan har qanday qurilish ishlari olib borishni taqiqlash ta’kidlangan.

Shuningdek, 1993-yil 1-oktabrgacha “Toshkent” aeroportini shahar tashqarisiga ko‘chirishning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish topshirilgan.

“Gazeta.uz” 2020-yil fevral oyida Uzbekistan Airports`ning o‘sha vaqtdagi raisi Rovshan Ismailov Toshkent aeroporti yil oxirigacha rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgani haqida xabar berganini yozgandi. Unda 10 yil ichida aeroport shahar chegarasidan 30 km uzoqlikka ko‘chirilishi, xalqaro aeroportni Toshkentdan 30−35 km uzoqlikda Angren yoki Chinoz tomon ko‘chirish rejalashtirilgani keltirilgan.

2022-yil iyun oyida esa Uzbekistan Airports`ning sobiq rahbari Ra’no Jo‘rayeva shahardan 30 km uzoqlikda yangi Toshkent aeroportini qurish va uni xalqaro xab sifatida rivojlantirishni taklif qilgani, prezident va hukumat buning maqsadga muvofiqligini muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi. Jo‘rayeva yangi uchish-qo‘nish yo‘laklarini qurishning imkoni yo‘qligi sababli havo bandargohining hozirgi quvvatlari uzog‘i bilan 2027-yilgacha yetishini ta’kidlagan.