10-may kuni prezident tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila — mahalla — tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.

1-iyundan:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
  • xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining 102 telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ro‘yxatga olinadi.

Tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
  • profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;
  • rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.

1-iyundan Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 1-oktabrdan esa respublikaning qolgan barcha hududlarida shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, shoshilinch qabul bo‘limlarining birlamchi ko‘mak xonalarida:

  • jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari 3 sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi;
  • shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan, ruhiy, psixoterapevtik yordam ko‘rsatiladi, shuningdek, yuqumli kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida tahlillar o‘tkaziladi.

Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida:

  • Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • hududiy markazlarga qarashli 14 ta namunali tumanlararo markazning mavjud shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi to‘liqligicha hududiy markazlarga o‘tkazilgan holda tugatiladi;
  • shoshilinch qabul bo‘limlarining birlamchi ko‘mak xonalarida yordam olgan shaxslar mazkur bo‘lim shifokorining xulosasi va himoya orderi asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartnomasiga muvofiq ariza talab etmagan holda hududiy markazlarga joylashtiriladi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarning ijtimoiylashuv darajasi ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori tomonidan olti oy davomida monitoring qilinadi.

Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan ishlash yo‘nalishida:

  • zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish ishlariga majburiy ravishda Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari ham jalb qilinadi;
  • 1-oktabrdan himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
  • 2025-yil 1-yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi;
  • 2024-yil 1-dekabrdan bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

“Inson” markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlashda qator qo‘shimcha huquqlar taqdim etiladi.

Jumladan:

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga himoya orderini berish uchun ichki ishlar organiga murojaat qilish;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar hududiy markazlarda bo‘lish vaqtida ishlab chiqilgan yakka tartibdagi ijtimoiy reabilitatsiya dasturining ijrosini monitoring qilish;
  • zarur hollarda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lsa, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga talabnoma kiritish.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga

1-avgustga qadar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish standarti tasdiqlanishini ta’minlash;

1-oktabrga qadar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ishlarida majburiy tartibda prokuror ishtirokini ta’minlash, ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritish;

1-oktabrga qadar Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni aniqlash, ularning hayotiy vaziyatini baholash va yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llashning takomillashtirilgan tartibini joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritsin;

1-oktabrga qadar xalqaro ekspertlarning xulosasiga asosan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi negizida ko‘p funksiyali markaz faoliyatini tashkil etishga doir takliflarni kiritish;

2025-yil 1-yanvardan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida zo‘ravonlik holati, tazyiqqa uchragan shaxsga ko‘rsatilgan xizmatlar, tuzatish dasturi bajarilishini monitoring qilish bo‘yicha modulni joriy etish.

Qarorning ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov va prezident maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov zimmasiga yuklatildi.