Markaziy bank 2024-yilning birinchi choragi uchun valyuta bozoridagi savdolar bo‘yicha cheklangan ma’lumotlarni taqdim etdi.

Yozganimizdek, ilgari har oyda chop etiladigan statistik byulletenda valyuta ayirboshlash hajmi to‘g‘risidagi jadvalda tijorat banklari tomonidan valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha ma’lumotlar alohida e’lon qilinar edi.

2023-yilga mo‘ljallangan yangi byulletenda mazkur bo‘lim umumlashtirilgan va “Tijorat banklarining valyuta savdosi aylanmasi” deb o‘zgartirilgan.

markaziy bank, valyuta, valyuta birjasi, valyuta operatsiyalari, valyuta savdosi

Yanvar-mart oylarida savdo hajmi 5,82 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2023-yilning birinchi choragidagiga nisbatan 2,7 foizga kam (5,98 milliard dollar) hisoblanadi. Bungacha ko‘rsatkichda o‘sish kuzatilgan — 2021 (2,97 milliard dollar) va 2022-yillarning birinchi choragi (3,78 milliard dollar).

Bundan tashqari, agar 2020−2023-yillarda yilning dastlabki uch oyida ko‘p yo‘nalishli dinamika kuzatilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich asta-sekin pasayib bormoqda: yanvarda — 1,98 milliard dollar (o‘tgan yilning yanvariga nisbatan -3,2 foiz), fevralda — 1,96 milliard dollar (+2,3 foiz), martda — 1,88 milliard dollar (-6,8 foiz).

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, valyuta savdosining pasayishiga davlat kompaniyalari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi ustidan nazorat, import jarayonining murakkablashishi va birjadan tashqari valyuta operatsiyalarining o‘sishi sabab bo‘lishi mumkin.

“Gazeta.uz"ning bank tizimidagi manbasi valyuta savdolari hajmining pasayishiga ushbu uch omil ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tasdiqladi. Suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, korxonalar va jismoniy shaxslardan chet el valyutasini yetkazib berish (valyuta sotish) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan.