Uzbekistan Airways aviakompaniyasi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi bilan birgalikda “Haj-2024” dasturi doirasida Saudiya Arabistoniga charter yo‘lovchi aviaqatnovlarini amalga oshirishni boshlaydi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

23-maydan 7-iyungacha “Haj” dasturi bo‘yicha marosimlarni bajarish istagida bo‘lgan ziyoratchilar O‘zbekistonning 10 ta mintaqaviy xalqaro aeroportidan, xususan, Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Navoiy, Nukus va Urganch shaharlaridan Madina shahriga yetkaziladi. Jiddadan O‘zbekiston shaharlariga qaytuvchi parvozlar esa 22-iyundan 12-iyulgacha bajarilishi rejalashtirilgan.

Aviakompaniya va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, 2024-yilda 124 ta charter yo‘lovchi parvozini amalga oshirish va 15 ming 130 nafar ziyoratchini tashish rejalashtirilgan. Uzbekistan Airways`ning “Haj-2024” dasturi doirasidagi barcha aviaqatnovlari Boeing 767 havo kemalarida amalga oshiriladi.

“Ta’kidlash joizki, respublika aeroportlarida ro‘yxatdan o‘tish vaqtida yo‘lovchilar issiq nonushta bilan ta’minlanadi. Parvoz davomida esa O‘zbekiston Musulmonlari idorasi talablarini inobatga olgan holda tayyorlangan maxsus taomlar tarqatiladi”, — deya qayd etgan kompaniya.

Bundan tashqari, O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga ziyoratchilarni olib borish davrida Uzbekistan Airways Sales filialida kassirlar kechayu kunduz ishlaydi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2024-yilgi Haj mavsumi 23-maydan boshlanishi xabar qilingandi.