Toshkent shahrida dekabr oyida kriminogen vaziyatni yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari davomida qo‘lga olingan ikki shaxsga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

24-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi 39 yoshli Alibek Shaxrulloyevich Fayziyevni Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida aybdor deb topdi:

  • 28−246-moddasi 2-qismi (yadroviy, kimyoviy, biologik va ommaviy qirg‘in qurolining boshqa turlarini, shunday qurollarni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon bo‘lgan material va moslamalarni, radioaktiv materiallarni, shuningdek giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish);
  • 25−273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish).

Sud tomonidan unga nisbatan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

14-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi 34 yoshli Olimjon Shuhratovich Amonovni Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan aybdor deb topdi.

Sud unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq “Boxo zavxoz” laqabi bilan tanilgan Bahodir Sultonov hamda u bilan birga qamoqqa olingan Navoiydagi avtosalon direktori Niyoz Ibodovga sud hukmi o‘qilgani xabar qilingandi. Ular Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sud hukmi bilan Bahodir Sultonovga 10 yil, Niyoz Ibodovga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Har ikki shaxs noyabr-dekabr oylarida Toshkent shahridagi “ko‘cha jinoiy guruhlari” va jinoiy guruhlar vakillarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan keng ko‘lamli reydlar davomida qo‘lga olingan.