Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi o‘tgan yil oxirida “ko‘cha bandalari” va jinoiy guruhlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan keng ko‘lamli reydlar chog‘ida qo‘lga olingan yana uch nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarilganini ma’lum qildi.

15-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi Azlarxon Botirovich Muxamedjonovga (1987-yilda tug‘ilgan, dekabr oyida hibsga olingani xabar qilingan) Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan (Talonchilik, hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 6-may kuni Xolmuradov Sunnatulla Chariyevichni (1993-yil, uning hibsga olinishi haqida ham o‘shanda xabar berilgan) JKning 104-moddasi 2-qismi “ye” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bezorilik oqibatida) sodir etganlikda aybdor deb topdi va 7,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

8-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi Umidjon Baxtiyor o‘g‘li O‘rinovga (1993-yil, u ham dekabr oyida hibsga olingan) JKning 277-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari (Bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan, sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab) va 223-moddasi 2-qismining “b” va “v” bandlari (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bo‘yicha hukm chiqardi va 6 yil 11 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Bungacha Alibek Fayziyev (12 yil qamoq jazosi), Olimjon Amonov (4 yil), shuningdek, Bahodir Sultonov (“Boxo zavxoz”, “Terminator”, 10 yil) va Niyoz Ibodovga (4 yil) qamoq jazosi tayinlangani xabar qilingandi.