Siyosat
Eron prezidentining vertolyoti halokatga uchradi. O‘zbekiston TIV xavotir bildirdi
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida “qattiq qo‘ndi”. Qidiruv noqulay ob-havo sharoiti va qorong‘ilik tufayli murakkablashgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zarurat bo‘lsa, yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning aviahalokatda vafot etgani munosabati bilan mamlakat oliy diniy rahbariga hamdardlik bildirdi.
Ohangaron tumanida hokim almashdi
2023-yil avgust oyidan beri Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga hokimlik qilib kelgan Erkin Muhitdinov lavozimidan ozod etilib, viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Uning o‘rnini viloyat hokimi yordamchisi Doniyor Madirimov egalladi.
Senat O‘zbekiston va AQSh Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi
Senat O‘zbekiston va AQSh Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi maxfiy harbiy ma’lumotlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat axborot almashinuvi, harbiy-texnik yordam olish va boshqa masalalarni qamrab oladi.
Iqtisodiyot
Davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Senat davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Mansabdorlar davlat mulkini shartnoma tuzmasdan ijaraga bergan, ijarachining mulkni qabul qilib olishiga asossiz to‘sqinlik qilgan va boshqa hollarda jarimaga tortiladi.
Petronas O‘zbekistonda gazni qayta ishlash bo‘yicha ikkita loyihani amalga oshiradi
Malayziyaning Petronas neft-gaz kompaniyasi O‘zbekistonda gazni qayta ishlash bo‘yicha ikkita yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etadi, deb ma’lum qildi investitsiyalar vaziri Laziz Kudratov. 10 yil avval kompaniya O‘zbekistondagi vakolatxonasini yopgan va barcha loyihalardan voz kechgandi.
Suv xo‘jaligi vazirligi yagona suv balansi va davlat suv kadastrini yuritadi
Prezident barcha manbalar bo‘yicha yagona suv balansini yuritish va davlat suv kadastrini tashkil etish uchun Suv xo‘jaligi vazirligini mas’ul etib belgiladi. Vazirlik tarkibida Ekspluatatsiya agentligi va Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti tashkil etilmoqda.
Jamiyat
Namanganda 63-xalqaro gullar festivali boshlandi — fotoreportaj
Namangan shahri bo‘ylab 63-xalqaro gullar festivalining ilk kunida gullarga burkangan avtokarvon yurib o‘tdi. Bayram arafasida 45 mln tupdan ziyod gul va buta ekildi. Bu yil an’anaviy tadbirda 6 mln kishi ishtirok etishi kutilmoqda. “Gazeta.uz” 23-iyungacha davom etadigan festivaldan fotoreportaj tayyorladi.
Samarqandda 5 yoshli bola tok urishi oqibatida halok bo‘ldi
Nurobod tumanida 5 yoshli bola elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. “Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari” faoliyati yuzasidan tekshiruv tayinlandi.
Payshanbadan O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
Yomg‘irli va salqin o‘tgan dam olish kunlaridan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab chorshanbagacha quruq ob-havo hukm suradi, harorat 24−29 darajagacha isiydi. Payshanbadan boshlab ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ib, momaqaldiroq bo‘ladi.
“Dolzarb 40 kunlik” reydlari doirasida ushlangan yana ikki shaxsga hukm o‘qildi
Sud 2023-yil oxirida Toshkentda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” reydlari doirasida ushlangan yana ikki shaxsga nisbatan hukm o‘qidi. Alibek Fayziyev 12 yilga va Olimjon Amonov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ular giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topildi.
Samarqandda 6-sinf qizga sevishini aytgan 9-sinf o‘quvchisi “samosud” qilindi
Pastdarg‘om tumanida 15 yoshli bola 6-sinf qizga sevishini aytgani uchun qizning akasi tomonidan “samosud” qilindi. Yigit bolaning sochi va qoshini qaychi bilan qirqqan va tan jarohati yetkazgan. Samarqand viloyati IIB holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
Oliy sudga yangi sudyalar saylandi
Senatning tegishli qarori bilan 7 nafar sudya Oliy sud sudyasi etib saylandi.
Surxondaryoda tuman sudi raisi YTHga uchrab jarohat olgani, uning sherigi vafot etgani ma’lum bo‘ldi
Surxondaryoda Denov tuman sudi raisi YTHga uchragani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda u jarohat olib, mashinadagi sherigi vafot etgan. Xizmat tekshiruvida sud raisi Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgan deb topilgan va vakolati muddatidan avval tugatilgan. Buning tergovga daxli yo‘qligi aytilmoqda.
Farg‘onada avtomashinadan noqonuniy olib kirilgan 270 dona smartfon aniqlandi
Farg‘ona tumanida Cobalt avtomashinasidan qiymati 367 mln so‘m bo‘lgan 270 dona Xitoyning Tecno Spark smartfoni topildi.
4 oyda suvga noqonuniy ulanish bo‘yicha 2600 ga yaqin holat aniqlandi
O‘zbekistonda yanvar-aprel oylarida ichimlik va oqova suv tizimlariga 2600 ga yaqin noqonuniy ulanish holati aniqlandi. Eng yuqori ko‘rsatkich poytaxt, Jizzax va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. “O‘zsuvta'minot"ga ko‘ra, oqibatda jamiyat manfaatlariga 51 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Toshkent viloyatida mamlakatga to‘pponcha va harbiy anjomlar olib kirishga uringan shaxs to‘xtatildi
Bojxonachilar Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postida transport vositasi yukxonasidan 1 dona Makarov pistoleti, harbiy anjomlar va tig‘li sovuq qurollar topdi.
Toshkentdagi G‘alaba bog‘i qisqa muddatga yopildi
Olmazor tumanidagi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi va Shon-sharaf davlat muzeyida 20-maydan yangi ekspozitsiyalarni joylashtirish hamda kichik ta’mirlash va dezinfeksiya ishlari olib boriladi. Shu sababli bog‘ga kirish kirish vaqtinchalik to‘xtatildi.
Toshkentdagi KHAY va Qorasaroy ko‘chasining bir qismi ketma-ket ikki kecha yopiladi
Toshkentdagi Kichik halqa avtomobil yo‘lining, shuningdek, Qorasaroy ko‘chasining bir qismi 21−22-may kechasi ta’mirlash ishlari tufayli yopiladi. Xarita.
Madaniyat
O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyidagi qator suratlar restavratsiya qilindi
Fransiya Milliy meros instituti va O‘zbekiston Madaniy meros agentligining qo‘shma dasturi doirasida rassom O‘rol Tansiqboyevning 18 ta asari restavratsiya qilindi.
Sport
Diyora Keldiyorova yana jahon chempionatida kumush medal oldi. Uning finalgacha bo‘lgan yo‘li
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Diyora Keldiyorova ikkinchi marta jahon chempionatida kumush medalga ega chiqdi. U finalda azaliy raqibi italiyalik Odett Gyuffridaga mag‘lub bo‘ldi. Diyoraning chempionatdagi bahslari haqida batafsil tanishing (foto, video, statistika).
Jahon
Eron prezidenti vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi, deb yozmoqda Mehr agentligi. Unga ko‘ra, prezidentdan tashqari, tashqi ishlar vaziri hamda Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori ham halok bo‘lgan.
Eron hukumati prezident vafotidan so‘ng bayonot berdi
Eron hukumati prezident Ibrohim Raisiy vertolyot halokatida vafot etganidan so‘ng bergan bayonotida mamlakat boshqaruvida “hech qanday uzilishlar” bo‘lmasligiga ishontirdi. Prezidentning vazifalari, Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, birinchi vitse-prezident Muhammad Moxberga o‘tadi.
Bishkekda mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasidagi mushtlashuv namoyishlarga sabab bo‘ldi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasidagi mushtlashuv mehnat migrantlariga qarshi tartibsiz namoyishlar boshlanishiga sabab bo‘ldi. Voqea oqibatida kamida 29 kishi jarohatlandi.
Eron prezidenti halok bo‘lgan aviafalokat. Tafsilotlar
19-may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot halokatga uchradi. Noqulay ob-havo tufayli qutqaruvchilar tuni bilan voqea joyini ko‘zdan kechirdi. Halokat ortidan mamlakatda 5 kunlik motam e’lon qilindi. Prezident vazifasini vaqtincha mamlakat birinchi vitse-prezidenti bajarib turadi. Batafsil.
Gaaga sudining prokurori HAMAS yetakchilari va Isroil rahbariyatini hibsga olish uchun order berishni talab qildi
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori HAMASning uch yetakchisi, shuningdek, Isroil bosh vaziri va mudofaa vazirini harbiy hamda insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun order berishni talab qildi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!