Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 20-maktab o‘quvchisi 30 yoshli erkak tomonidan “samosud” qilgani aytilgan videolar tarqaldi.

Xabarlarda bola sinfdosh qiz bilan hazillashgani uchun qizning akasi kelib uni maktabdan olib chiqqani, sochini olgani va qoshini kuydirgani, shuningdek, “samosud” qilishi oqibatida yelkasi singani aytilgan. Mahalla noziri (uchastkovoyi) bu holatga chora ko‘rmayotgani bildirilgan.

Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirarkan, 16-may kuni tumani IIBga 15 yoshli B.S. tan jarohati olgani to‘g‘risida uning onasi J.I. dan ariza kelib tushganini bildirdi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida bola 20-maktabning 9-sinfida ta’lim olishi, u shu maktabning 6-sinf o‘quvchi qizi Q.A.ga sevishini aytgani, so‘ng qizning akasi A.Q. holatdan xabar topib, 15-may kuni bolani o‘z uyining ichki tomoniga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgani aniqlangan. A.Q. uning ta’zirini berish maqsadida B.S.ning sochi va qoshini qaychi bilan qirqib, uyidan chiqarib yuborgan.

Tergov davomida voyaga yetmagan bolaga nisbatan sodir etilgan boshqa g‘ayriqonuniy harakatlarga huquqiy baho berilmoqda, deyiladi ombudsman xabarida.

Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jahongir Sagdullayevning 19-may kuni ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Oradan bir kun o‘tib, ish 105-moddaning 2-qismi “g”, “m” (o‘ta shafqatsizlik bilan qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bandiga qayta malakalandi. Gumonlanuvchi himoyachi huquqi bilan ta’minlanib, jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibda ushlandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, sudda ushbu ayblov o‘z isbotini topsa, aybdor 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.