Oliy Majlis Senati 18-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2023-yil 9-iyunda Vashingtonda imzolangan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va AQSh Mudofaa vazirligi o‘rtasida maxfiy harbiy ma’lumotlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgani va keyingi yillarda mamlakatning muhim hamkorlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.

Harbiy-texnikaviy sheriklik ikki davlat sherikligining muhim yo‘nalishlaridan biridir, dedi senator.

“Jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, mavjud harbiy tahdidlar O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining rivojlangan davlatlar, jumladan, AQSh bilan harbiy-texnik hamkorligini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Bu o‘rinda, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va AQSh Mudofaa vazirligi o‘rtasida maxfiy harbiy ma’lumotlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi hisoblanadi”, — dedi u.

Ravshanbek Alimov kelishuvning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik kafolatlarini yaratish, shuningdek, mamlakat xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini oshirishga xizmat qilishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu “tegishli masalalar bo‘yicha” maxfiy harbiy ma’lumotlarni o‘zaro manfaatli almashish uchun ham zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

Bitim o‘zbek va ingliz tillarida tayyorlangan bo‘lib, muqaddima va 25 moddadan iborat. Uni ratifikatsiya qilish qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritishni yoki budjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni talab qilmaydi, dedi senator.

Senat raisi Tanzila Narbayeva mazkur hujjatni o‘zaro manfaatli ma’lumot almashish, milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun tekin harbiy-texnik yordam olish, Mudofaa vazirligi va Mudofaa vazirligi bo‘linmalari tomonidan harbiy texnikadan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish va boshqa masalalarini qamrab olgan “yaxshi qonun” deb atadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur qonunni 2023-yil dekabr oyi oxirida qabul qilgan edi.