Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi o‘tgan yil oxirida poytaxtda kriminogen vaziyatni yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qo‘lga olingan yana uch nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarilganini ma’lum qildi.

30-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi Xasan va Xusan Abdusamatovich Сabirджaновлaрни Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida aybdor deb topdi:

  • 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik);
  • 168-moddasi 2-qismi “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan firibgarlik).

Sud tomonidan Xasan Sabirdjanovga nisbatan 4 yil 9 oy, Xusan Sabirdjanovga 4 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

3-may jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudining hukmi bilan Marat Pulatovich Urazov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan aybli deb topildi.

Yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani inobatga olinib, ish haqining 25 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 9 oy 27 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Azlarxon Muxamedjonov (5 yilgacha), Sunnatulla Xolmuradov (7,5 yil), Umidjon O‘rinov (6 yil 11 oy), shuningdek, Alibek Fayziyev (12 yil qamoq jazosi), Olimjon Amonov (4 yil), bundan tashqari, Bahodir Sultonov (“Boxo zavxoz”, “Terminator”, 10 yil) va Niyoz Ibodovga (4 yil) qamoq jazosi tayinlangani xabar qilingandi.