Yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston 462,8 mln dollarlik gaz import qildi, buni prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan tashqi savdo ma’lumotlarida ko‘rish mumkin.

Bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan deyarli 3 baravar (qiymat ko‘rinishida) ko‘p, o‘shanda yetkazib berish miqdori 153,1 mln dollarni tashkil qilgandi. Bu, shuningdek, 2023-yildagi barcha gaz importining 67 foizini (694,9 mln dollar) tashkil etadi.

Yanvar oyida “moviy yonilg‘i” importi 35,6 mln dollarni, fevralda 3,7 barobar ko‘p yoki 131,1 mln dollarni, mart oyida 193,5 mln, aprelda esa 102,6 mln dollarni tashkil etdi. Agentlik yetkazib berishning fizik hajmini an’anaviy ravishda oshkor qilmay keladi.

Yil boshidan buyon O‘zbekiston, shuningdek, 52,3 mln dollarlik gaz eksport qildi: yanvarda — 21 mln dollar, fevralda — 5,7 mln dollar, martda — 18,7 mln dollar, aprelda esa 6,9 mln dollar.

Avvalroq yanvar-fevral oylarida Xitoy O‘zbekistondan 57,38 mln dollarlik gaz sotib olgani haqida xabar bergandik, bu O‘zbekiston tomoni e’lon qilgan hajmdan 2 barobar ko‘p.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirdi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganishga harakat qilgandi.

2023-yil 7-oktabrdan O‘zbekiston gazni Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali shimoliy yo‘nalishda import qilmoqda. Rasmiylar “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 mln dollarga modernizatsiya qilmoqchi.