21-may kuni Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi hamda bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi haqida gaplashdi.

Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbarlari Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifiga tayyorgarlikning borishini ham muhokama qildi. Rossiya prezidenti, shuningdek, “Xitoy rahbariyati bilan Pekinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi”.

Eslatib o‘tamiz, 21-fevral kuni Mirziyoyev Putinni O‘zbekistonga taklif qilgandi. “Kelishib olganimizdek, ilk tashriflaringizdan biri O‘zbekistonga bo‘ladi. Men butun jamoamga bu tashrif har doimgidek barcha sohalarda tarixiy va voqealarga boy bo‘lishi kerakligini aytdim. Men juda jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapman”, — degandi O‘zbekiston rahbari.