Qanot Sharq (O‘zbekiston) aviakompaniyasi 30-iyundan boshlab Toshkent — Budapesht — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi.

Bu O‘zbekiston va Vengriya tashqi ishlar va transport vazirliklari o‘rtasidagi kelishuv tufayli amalga oshdi.

Parvozlar dastlab har yakshanba kuni amalga oshiriladi. 4-sentabrdan chorshanba kunlari yana bir reys qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Parvoz sayyohlar, ishbilarmonlar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar ochadi, deb ta’kidladi O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi.

Qanot Sharq kompaniyasi bosh direktori Moisey Pak yangi yo‘nalish “nafaqat transport qulayligini oshirishi, balki mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashi”ga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston va Vengriya poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejasi 2023-yil aprel oyida e’lon qilingandi. Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi bilan “ikki davlatni bir-biridan ajratib turadigan 4000 km masofaga qaramay, aloqa yanada yaqinlashishini” ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 20-avgustidan O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida haftada bir marotaba amalga oshiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida ham yozgandik. Toshkent — Budapesht yo‘nalishidagi reyslar Airbus A-320 havo kemasida bajarilishi aytilgan edi.