O‘zbekistonda 2024-yil yakuniga qadar shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) orqali fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 24-may kuni qabul qilingan prezident farmonida so‘z boradi.

Bunda davlat xizmatlari markaziga (DXM) borgan fuqarolarga Face ID orqali xizmat ko‘rsatilgan taqdirda, ulardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi.

Farmonda, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulaylik yaratilgani aytiladi. Unga ko‘ra, 1-iyuldan ID karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirishni istagan fuqarolar xohishiga ko‘ra Mobile ID tizimida kompozit shaklda identifikatsiya qilinadi. DXM hamda notarial idoralarda Mobile ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish bepul.

Avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron tarzda davlat reyestriga kiritiladi. Ma’lumotlar haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul bo‘ladi.

Qolaversa, iyul oyilan korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron nusxalari talab etilmaydi.

Bundan tashqari, agar fuqarolar noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish uchun DXMga kelsa, bitim tomonlarining shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtiriladi. Rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yil 1-yanvardan Aholining yagona elektron reyestri joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Hujjat jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Undan davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda foydalaniladi.