O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari mehnat migratsiyasi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni Toshkentda Vladimir Putin bilan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi.

“Biz mehnat migratsiyasi kabi nozik masalaga alohida e’tibor qaratdik, tizimli hamkorlikni tashkil etish, samarali mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladik. Biz bu masalalarga jiddiy to‘xtaldik. Vladimir Vladimirovich ushbu nozik masala bo‘yicha takliflarimni qo‘llab-quvvatlaganidan juda mamnunman. O‘ylaymanki, biz hali bu masalada har ikki tomondan zaruriy tartibni yo‘lga qo‘yamiz”, — deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda TASS.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya hukumati o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash uchun hamma narsani qilishini aytdi.

“Ta'kidlab o‘tmoqchimanki, Rossiya hukumati biz bilan ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash uchun barcha zarur ishlarni qilmoqda va qiladi. Biz migratsiya sohasining barcha dolzarb masalalari bo‘yicha O‘zbekiston rasmiylari bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, — dedi Putin Rossiya-O‘zbekiston muzokaralari yakunlari bo‘yicha.

U Rossiyada 1 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi yashab, mehnat qilayotganini ta’kidladi.

“Shavkat Miromonovich (Mirziyoyev) hamisha bunga katta e’tibor qaratadi, hozir ham bu haqda gapiryapmiz. Biz ularning Rossiya iqtisodiyotini rivojlantirishga, ayniqsa, qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va logistika kabi jadal rivojlanayotgan tarmoqlarga qo‘shayotgan salmoqli hissasini yuksak qadrlaymiz”, — dedi RF rahbari.

Rossiya prezidenti, shuningdek, “ularning vataniga yuborayotgan pullari, umid qilamanki, O‘zbekiston iqtisodiyoti, mamlakatning turli mintaqalaridagi oilalar uchun salmoqli yordam bo‘ladi”, — deb ta’kidladi.

May oyida Shavkat Mirziyoyev yil boshidan buyon O‘zbekistonga 115 mingga yaqin mehnat migranti qaytib kelganini, yil oxirigacha yana 250−300 ming fuqaro qaytishi kutilayotganini aytgandi. Prezident ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy muammolarini hal etishda ko‘maklashish muhimligini ta’kidlagan.

2024-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8,6 foizga — 2,3 milliard dollardan 2,5 milliard dollargacha oshdi. Bu 2022-yil (1,46 milliard dollar) va 2021-yil (1,41 milliard dollar) birinchi choraklaridan ham yuqori. Rossiyaning ulushi 68 foizga qisqardi (avvalgi yillarda 78−87 foiz edi).

Prezident farmoni bilan mehnat migrantlarining kasbiy va til bo‘yicha sertifikatlar olish bilan bog‘liq xarajatlari qoplanadi. Chet elda qiyinchilikka uchraganlarga yordam beriladi.