O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27-may kuni OAVga bergan bayonotlari chog‘ida O‘zbekistonda kichik AES qurilishiga munosabat bildirdi.

“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jurnalist Aziza Qurbonova prezident iqtibosiga qo‘shimcha qildi: “Biz bunga uzoq tayyorgarlik ko‘rdik va kelgusida jiddiy strategik loyihaga aylanadigan hujjatni imzoladik. Biz bu masalani xalqaro ekspertlar ishtirokida rossiyalik hamkorlarimiz bilan bir necha yil davomida muhokama qilib kelamiz. Asosiy talab — xavfsiz, ishonchli va samarali texnologiya”.

Vladimir Putinning ta’kidlashicha, 2018-yildagi hukumatlararo kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomaning imzolanishi “atrof-muhit xavfsizligining eng qat’iy talablariga javob beruvchi Rossiya zamonaviy yuqori texnologiyasi asosida kam quvvatli AES qurish imkonini yaratadi”.

““Rosatom” xorijda faol ish olib boradi, dunyoda bu sohada lider hisoblanadi. Rossiyadan tashqarida qurilgan energobloklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda. Aleksey [Lixachyov, “Rosatom rahbari"], qancha energobloklar xorijda? 20 ta energoblok qurilyapti, 6 tasi kontraktatsiya asosida. Shubhasiz, biz bu loyiha O‘zbekistonda samarali ishlashi uchun hamkorlikda ishlashga tayyormiz”, — dedi RF rahbari.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston hududida AES qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga (2018-yil 7-sentabr) o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma, O‘zbekistonda kam quvvatli atom stansiyalarni loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Prezident farmoni bilan Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Energetika vazirligi tuzilmasidan Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘tayotgan Atom energiyasi agentligitashkil etilmoqda. Agentlik korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqini oldi.

Bundan tashqari, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilmoqda, u yadro energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlari, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavfsizlik siyosati uchun mas’ul bo‘ladi.

May oyi boshida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari — Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Axmedxadjayev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar davom etayotganini ta’kidlagan edi. “Faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti. Qaysi yo‘nalishda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rib chiqyapmiz”, — degandi u va tomonlar hamkorlikning turli yo‘nalishlarini muhokama qilayotganini ta’kidlagandi.

Bungacha energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Daryo”ga bergan intervyusida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan uchrashuv va muzokaralar davom etayotganini ma’lum qilgan edi.

“Juda katta strategik loyiha bo‘lgani uchun shoshilmasdan, barcha narsani o‘lchab, yetti marta emas, yetmish yetti marta o‘lchab, hamma narsasining hisob-kitobini, tahlilini qilgan holda prezidentimizga hisobot kirita olamiz”, — degandi Energetika vazirligi rahbari.

Qozog‘iston AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazishni rejalashtirmoqda.