Mintaqadagi birinchi kam quvvatli atom elektr stansiyasi O‘zbekistonda Rossiya texnologiyasi asosida quriladi. Bu haqdagi hujjatlar, avval xabar qilinganidek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida 27-may kuni imzolandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasi agentligining AES qurish direksiyasi va “Atomstroyeksport” kompaniyasi (“Rosatom” injiniring bo‘limi) O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektrostansiyasi (KQAS) qurish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Bundan tashqari, 2018-yil 7-sentabrdagi O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.

Atom energetikasi agentligi va “Rosatom” press-relizida aytilishicha, QQAS 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita rektor) bo‘ladi va Jizzax viloyatida quriladi. Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi.

Maydonda qurilish ishlari yozda boshlanadi. “Tanlangan maydon allaqachon tekshirilgan, yaroqliligi va xavfsizligi tasdiqlangan, bu loyihani amalga oshirish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi”, — deyiladi press-relizda.

aes, atom energiyasi agentligi, kichik aes, kqas, rosatom, rossiya

“Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2050-yilga borib energiya resurslariga bo‘lgan talab qariyb ikki baravar ko‘payadi va, ko‘rinib turibdiki, energetika tizimining barqaror ishlashi va iqtisodiyotning rivojlanishi uchun mamlakatimiz o‘zini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan tashqari, asosiy energiya manbalari bilan ham ta’minlashi kerak”, — dedi Atom energetikasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.

“Biz hozir butun dunyoda ham yuqori quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish, ham kichik modulli reaktorlar loyihalari nuqtai nazaridan yangi yadro quvvatlarini yaratishga qiziqish ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz. „Rosatom“ bilan hamkorlikni kengaytirish esa energetika kompleksimizni atom energetikasidagi ilg‘or texnologiyalar bilan mustahkamlash imkonini beradi, deb hisoblaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Rosatom” uchun bu KQAS qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasidir. “Va bu shunchaki dastlabki kelishuv emas, biz shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlaymiz”, — dedi “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov.

Avval yozganimizdek, Shavkat Mirziyoyev kelishuvga izoh berar ekan, shunday dedi: “Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”.

KQAS loyihasi RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslanadi — bu “yerga joylashtirish uchun innovatsion kema texnologiyasini moslashtirish natijasi”, deyiladi hisobotda.

RITM-200N`ning issiqlik quvvati 190 MVt, elektr quvvati 55 MVt, xizmat muddati 60 yilgacha bo‘ladi. RITM-200N reaktori ishlab chiqilgan RITM 200 seriyali reaktorlari Arktika sharoitida Rossiya muzyorar kemalarida sinovdan o‘tkazilgan.

2012-yildan beri “Arktika”, “Sibir”, “Ural”, “Yakutiya” va “Chukotka” universal yadroviy muzyorar kemalari uchun 10 ta RITM-200 reaktorlari ishlab chiqarilgan. Birinchi uchtasi allaqachon foydalanishga topshirilgan va Arktikaning g‘arbiy mintaqasida kemalar karvonlarini kuzatib borish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmoqda.

Yakutiyadagi Ust-Kuyga qishlog‘ida ham RITM-200N reaktoriga asoslangan KQAS qurilmoqda. Birinchi energiya blokining ishga tushirilishi 2027-yilga, foydalanishga topshirilishi 2028-yilga rejalashtirilmoqda. Mazkur obyekt sanoat korxonalarini, jumladan, Kyuchus, Deputatskoye va Tirextyax konlarini o‘zlashtirishni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi, deyiladi matbuot xabarida.

“RITM-200N asosidagi AES to‘liq integratsiyalashgan sxemaga ega (bu loyihaning yuqori iqtisodiy samaradorligiga erishish va stansiya xavfsizligining eng yuqori darajasini ta’minlash imkonini beradi). Qurilishi rejalashtirilgan KQAS xavfsizligi ko‘p darajali tizimlar va qobiqli to‘siqlar orqali ta’minlanadi. Faol (quvvat manbalarini talab qiladigan) va passiv (quvvat manbaisiz ishlaydigan) xavfsizlik tizimlarining kombinatsiyasi stansiya xavfsizligining eng yuqori darajasiga erishish imkonini beradi. Ushbu tizimlar avariya ehtimolining oldini oladi, stansiya dizayniga o‘rnatilgan bir necha darajadagi to‘siqlar esa radioaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalishini bartaraf etadi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Press-relizda ta’kidlanishicha, KQASlarning afzalligi qurilish muddatining yirik AESlarga nisbatan qisqaroqligida. MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 50 ga yaqin rivojlanishning turli bosqichlaridagi KQAS loyihalari va konsepsiyalari mavjud.