O‘zbekiston va Rossiya respublikada kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “muhim kelishuv”ni imzolaydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kengaytirilgan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi.

“Bugun biz O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muhim shartnomani imzolaymiz. Biz uning shartlari va texnik jihatlarini uzoq vaqtdan beri ekspertlar darajasida muhokama qilmoqdamiz. Ushbu strategik loyihani amalga oshirishni tezlashtirish uchun o‘zaro hamjihatlik va hozirlik bor”, — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “TASS”.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston va Rossiya nafaqat yuqori quvvatli AESni, balki kam quvvatli AESlarni (har biri 55 MVt quvvatga ega 6 tagacha energiya bloki) qurishda ham hamkorlik qilishi mumkin. Rossiya hukumati “Rosatom”ga 2018-yildagi hukumatlararo kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha protokol imzolashni topshirdi.

O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Atom energiyasi agentligi tashkil etilib, u Energetika vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi. Agentlik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqini oldi.

Bundan tashqari, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilmoqda, u yadro energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlari, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavfsizlik siyosati uchun mas’ul bo‘ladi.