O‘zbekistonda 2024-yilning mart oyida Teach for Uzbekistan notijorat ta’lim loyihasi ishga tushdi. Loyiha doirasida pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan 30 nafar o‘zbekistonlik respublika hududlaridan biridagi umumta’lim maktablarida dars berish uchun tanlab olinadi. Finalchilar ikki yil davomida muayyan fandan dars beradi va shu bilan bir vaqtda tayyorgarlikdan o‘tadi.

Teach for Uzbekistan — dunyoning 63 mamlakatida shu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi Teach for All global tarmog‘ining hamkoridir. Tashkilotning maqsadi har bir bolaga, uning ijtimoiy mavqei va yashash joyidan qat’i nazar, sifatli ta’lim berishdan iborat.

O‘zbekistonda loyihaga tadbirkor Fyodor Sheberstov koordinatorlik qilmoqda. U Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada ham shu kabi loyihalarga rahbarlik qilgan.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Fyodor Sheberstov. Foto: Teach for Uzbekistan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda loyihadan ko‘zlangan maqsad — maktab ta’limini rivojlantirishga ko‘maklashish, yosh mutaxassislar va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini og‘ir ijtimoiy shart-sharoitlardagi maktablarda ishlash uchun jalb etishdan iborat.

Dastur oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoki 2024-yilda universitetni tamomlayotgan barcha O‘zbekiston fuqarolari uchun ochiq. Bugungi kunda Teach for Uzbekistan jamoasi mamlakatning eng yaxshi universitetlari, jumladan, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Vebster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, JIDU, TEAM University va boshqalarda o‘z taqdimotlarini o‘tkazib kelmoqda.

“Bizga [loyihada ishtirok etish uchun] eng yaxshi 500 talikka kiradigan xorijiy universitetlar bitiruvchilari murojaat qiladi. Rossiyada Moskva davlat universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Oliy iqtisodiyot maktabi, Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti bitiruvchilari biz bilan ishlagan. Teach for All Buyuk Britaniyada Oksford va Kembrij, AQShda Garvard, Prinston, Stenford va Ayvi-Liganing boshqa universitetlari bitiruvchilari uchun birinchi raqamli ish beruvchi hisoblanadi”.

Fyodor Sheberstovning ta’kidlashicha, odamlar bu loyihada, birinchi navbatda, bolalarga yordam berish va dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirish niyatida ishtirok etish istagini bildiradi. Bu yerda orttiriladigan ish tajribasi ham, ularning shaxsiy ma’lumotnomasiga qo‘shiladigan salmoqli hissa ham ishtirokchilar uchun katta ahamiyatga ega.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Foto: Azizbek Hamroqulov / “Gazeta.uz”.

“Biz allaqachon AQSh, Rossiya va Yevropa davlatlarida istiqomat qiladigan o‘zbekistonliklardan rezyumelar olyapmiz. Bugun Xitoyda yashayotgan qizni suhbatdan o‘tkazdik. Teach for All dasturi barcha mamlakatlarda ulkan e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Ma’lum bo‘ldiki, dunyoda befarq bo‘lmagan zo‘r odamlar juda ko‘p ekan”, — deydi Fyodor Sheberstov.

Ular orasida turli kasb egalari bor. Masalan, marketing sohasida 20 yillik tajribaga ega mutaxassis loyiha ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Maktabda u o‘zi yaxshi bilgan, o‘rgangan narsasini: tillar, matematika, tabiiy fanlarni o‘rgatishi mumkin. Ehtimol, bunday nomzod boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi bo‘lar.

“Ko‘pchilik: „Pedagogik ma’lumoti va tajribasi bo‘lmagan odam maktabda bolalar bilan qanday qilib ishlashi mumkin?“, degan savolni beradi. Gap shundaki, biz maktab o‘quvchilarini o‘qita oladigan odamlarni tanlab olamiz. Pedagogik qobiliyatga ega bo‘lgan odamlarni qanday ajratib olishni bilamiz, — deydi Fyodor Sheberstov. — Farzandim Rossiyadagi, har yili dunyoning 100 mingga yaqin maktablari ishtirok etadigan PISA dasturi [Xalqaro o‘quvchilar bilimini baholash dasturi]da 25-o‘rinni egallagan maktabda o‘qigan. Bu maktabda pedagogik ma’lumotli birorta o‘qituvchi yo‘q edi. Loyihamizning afzalligi — bu keng tanlov va tug‘ma pedagoglarni tanlab olish imkoniyatidir”.

Nomzodlar professional rekruterlar tomonidan tanlanadi. Fyodor Sheberstovning o‘zi rahbar xodimlarni saralab olish bo‘yicha 20 yillik tajribaga ega. O‘zbekistonda kutilayotgan raqobat darajasi, uning fikricha, har bir o‘ringa 20 kishini tashkil etadi. Tanlov ishtirokchilari besh bosqichli saralash jarayonidan o‘tadi.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Birinchi bosqich — dastur saytida ariza to‘ldirish va motivatsiya xati yozish. Motivatsiya xatida ariza beruvchi nima uchun maktabda ishlamoqchiligi, viloyat maktabida ikki yil davomida dars bera olishiga nima sababdan ishonayotgani, qanday ko‘nikmalari borligi va qaysi tillarda gaplasha olishini ko‘rsatishi lozim.

Ikkinchi bosqich — bir soatlik onlayn suhbat bo‘lib, unda tanlov komissiyasi umumiy savodxonlik va nomzodning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi. Ishtirokchidan qaysi fandan dars berishni xohlashi so‘raladi va tilni bilish darajasi tekshiriladi.

Uchinchi bosqichda nomzodlar “yuzma-yuz” deb ataladigan bosqichdan o‘tadi. Ishtirokchilar sinov darslarini o‘tkazadi va mashqlarni bajaradi. Sinovlarning natijalari, Fyodor Sheberstovning aytishicha, Toshkentdagi eng yaxshi o‘qituvchilar tomonidan baholanadi.

To‘rtinchi bosqich — matrikulyatsiya (ishga kirishish). Ishtirokchilar maktablardan biriga va dars mashg‘ulotlariga boradi, fanni muvaffaqiyatli o‘zlashtirayotgan o‘quvchilar bilan muloqot qiladi.

Yakuniy bosqich — “Yozgi institut"da qatnashish. Bu besh haftalik jadal ta’lim kursi bo‘lib, unda finalchilar maktabda ish boshlash uchun tayyorgarlikdan o‘tadi. Kurs bir qator, jumladan, pedagogik mahorat va pedagogika asoslari, bolalar psixologiyasi, deviant xulq-atvor, ko‘nikmalarni rivojlantirish usullari va fan o‘qituvchilari bilan ishlash kabi fanlarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Shundan so‘ng finalchilar maktabning yozgi oromgohida amaliyot o‘taydi, sinfga rahbarlik qilishni o‘rganadi va o‘quv yili boshlanishiga tayyorgarlik ko‘radi.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Teach for Uzbekistan pedagogik tayyorlov dasturini Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bilan birgalikda ishlab chiqadi. Loyihaning ilk mavsumi ishtirokchilariga O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan 2024-yil sentabr oyidan boshlab maktablarda ish boshlashga ruxsat beriladi. Teach for Uzbekistan o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun vazirlikdan allaqachon ruxsat olgan. Tez kunlarda vazirlik bilan memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.

Finalchilarning barchasi maktabda ikki yil dars berishi kerak. Ishtirokchilar ish bilan bir ham o‘qiydi, ham ustoz-murabbiylar bilan maslahatlashadi va natijalarni onlayn tarzda almashib boradi. Bundan tashqari, dastur o‘quv yili davomida har oyda ikki kunlik uchrashuvlarni ham o‘z ichiga oladi.

Ishtirokchilarning yuzma-yuz uchrashuvlarda ishtirok etishi uchun qulaylik yaratish maqsadida birinchi bosqichda dasturni bitta hududda ishga tushirish rejalashtirilyapti. Rejaga ko‘ra, loyiha Qo‘qon shahri yoki Toshkent viloyatida boshlanishi mumkin.

Teach for Uzbekistan ishtirokchilari stipendiya va turar joy bilan ta’minlanadi. Butun dunyoda dastur donorlarning xayriya mablag‘lari hisobidan faoliyat yuritadi. Fyodor Sheberstovning aytishicha, loyiha O‘zbekistondagi yirik kompaniyalar bilan jamg‘arma tuzish bo‘yicha muzokara olib boryapti. Muzokaralarga Teach for Uzbekistan vasiylik kengashi a’zolari yordam ko‘rsatmoqda.

Kenga tarkibida Prezident administratsiyasi huzuridagi Tashqi aloqalar departamenti Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni axborot-tahliliy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Nozima Davletova, Anglesey Food kompaniyasi asoschisi Zafar Hoshimov, Strategik islohotlar agentligining Erishilgan natijalarni boshqarish ofisi rahbari Aziza Umarova va loyiha bosh direktori Umida Yo‘ldosheva bor.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Tasviriy san’at galereyasida 21-aprel kuni bo‘lgan Teach for Uzbekistan loyihasi taqdimoti. Foto: Teach for Uzbekistan.

Umida Yo‘ldoshevaning ta’kidlashicha, Teach for Uzbekistan to‘rtta vazifani hal qilishga qaratilgan: bolalarda bilimga muhabbat uyg‘otish, ularning o‘zlashtirish darajasini oshirish, mustaqil o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, XXI asrda zarur bo‘lgan “yumshoq ko‘nikmalar"ni rivojlantirish. Muloqotga oson kirishish (kirishimlilik), yetakchilik sifatlari, mediasavodxonlik kabilar shunday “yumshoq ko‘nikmalar” qatoriga kiradi.

Umida Yo‘ldoshevaning so‘zlariga ko‘ra, Teach for Uzbekistan’ning o‘ziga xos jihati shundaki, ishtirokchilar maktab o‘quvchilariga muayyan fanni o‘rgatibgina qolmay, ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan o‘z loyihalarini amalga oshirish bilan ham shug‘ullanadi.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Illyustrativ surat: GEF KGD.

“Faraz qilaylik, dastur ishtirokchisi muayyan hududga borib, gender tengsizligi, oiladagi zo‘ravonlik va suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish kabi muhim ijtimoiy muammolarni aniqladi. U bu borada o‘z harakatini boshlashi yoki bu muammolarni hal qilish uchun loyiha ishlab chiqishi mumkin”.

Teach for All loyihasining o‘qitishga yondashuvi O‘zbekistondagi umumta’lim muassasalari o‘quvchilarida kuzatilayotgan o‘zlashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish, o‘zlashtirish darajasini oshirish imkonini beradi. O‘zbekistonlik o‘quvchilarda o‘zlashtirish bilan bog‘liq muammolar borligini, jumladan, o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan PISA tadqiqotida O‘zbekiston 81 mamlakat orasida 72-o‘rinni egallagani ham tasdiqlaydi.

Shuningdek, dastur o‘qituvchilarga o‘z o‘qitish usullarini yaxshilashda yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, loyiha muvaffaqiyatli o‘qitishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni ochib berishi mumkin. Teach for Uzbekistan jamoasi tomonidan O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ular duch kelayotgan asosiy muammolar aniqlandi.

ta’lim, teach for all, teach for uzbekistan

Dastlabki ikki yilda loyiha 72 ming bolani qamrab olishi kutilmoqda: bunda 30 nafar o‘qituvchining har biriga 150 ga yaqin o‘quvchisi to‘g‘ri keladi. Dasturning uchinchi yiliga kelib maktablarga 200 dan ziyod o‘qituvchini kiritish rejalashtirilgan.

Dasturda ishtirok etish uchun teachforuzbekistan.org veb-saytida ariza to‘ldirish lozim.