27-may kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hamda Rossiya O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “muhim kelishuv” imzolashini ma’lum qildi.

“TASS"ning O‘zbekiston rahbaridan iqtibos keltirishicha, davlatlar loyiha shartlari va texnik jihatlarini uzoq vaqtdan beri ekspertlar darajasida muhokama qilmoqda. “Ushbu strategik loyihani amalga oshirishni tezlashtirish uchun o‘zaro hamjihatlik va hozirlik bor”.

Prezident, shuningdek, kichik AES qurish loyihasini “hayotiy ahamiyatga ega” deb atadi. “Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi u.

Keyinroq Rossiya texnologiyasi asosida quriladigan mintaqadagi birinchi kam quvvatli atom elektr stansiyasi ishi yozda Jizzax viloyatida boshlanishi ma’lum bo‘ldi. “Rosatom” uchun bu shu turdagi stansiya qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasi hisoblanadi.

O‘zbekistonlik ayrim faollar qurilajak AES bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

“Xavf-xatar va foydalari o‘rganilib, jamoatchilikka taqdim etilishi kerak”

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikricha, atom elektr stansiyasi haqidagi muhokamalarda sal ko‘proq mulohaza qilish darkor.

“Tabiiyki, O‘zbekistonga elektr energiyasi kerak, energetika qancha arzon va ko‘p bo‘lsa, farovonlik va rivojlanish uchun shuncha yaxshi. Lekin bizda muammo elektr va energetika sohasini islohot qilmaganimizda yoki qandaydir stansiya mavjudligida emas. Hozirgi holatda ham, hech qanday AESsiz ham elektrni import qila olamiz yoki uni ishlab chiqarish uchun yoqilg‘ini import qila olamiz, uning ustiga, ancha normal narxlarda quyosh energiyasini ishlab chiqaradigan korxonalarni jalb qila olamiz. Demak, „svet yo‘qligi“ muammosi — sun’iy yaratilgan, noto‘g‘ri boshqaruv va xato qurilgan elektr energiya siyosatining mevasi. AES qurilishi hal qilib beradigan bir texnologik muammo emas”, — deya so‘z boshladi iqtisodchi.

Uning ta’kidlashicha, atom energiyasi bo‘yicha qaror birinchi o‘rinda iqtisodiy maqsadga muvofiqmi-muvofiq emasmi, shuni bilib olish kerak.

“Masalan, uni qurish uchun necha pul hukumatimiz beradi? Boshqa moliyaviy manbalar, jumladan, davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladimi va, eng asosiysi, davlat qurayotgan bo‘lsa, bu narsa o‘zbekistonliklarga qanchaga tushadi? Barcha davlat va nodavlat moliyaviy manbalardan ishlatilishi ko‘zda tutilgan summalar to‘liq va mutlaq ochiqlanishi kerak. Bu fiskal talab qomusimizda ham belgilangan. Bundan to‘rt yil oldin hozirgi energetika vaziri bilan qilgan suhbatimizda bu savolni so‘ragan edim, lekin bu „sir“ bo‘lgani uchun, aytmagan edilar. Menda bu raqamlar ochiqlanmasligiga falsafiy ma’nodagina emas, balki konstitutsiyaviy ma’noda ham e’tirozim bor. Sir yoki „tijoriy sir“ juda bir tor ma’noda ishlatiladigan narsa — fuqaroviy loyihalar uchun davlat pulining xarajati, tabiiyki, sir bo‘lishi noto‘g‘ri”, — deydi mutaxassis.

Behzod Hoshimov “Akkuyu AES qurilganida turkiyaliklar ularga Ruslar qurib berayotgan AES narxini aniq bilishgani, lekin muhimroq tomoni, bitimda boshqa shartlar ham borligi, ya’ni stansiyaning narxidan ham muhimroq shartlar” bo‘lganiga to‘xtaldi.

“O‘shalarni gapirishimiz ham kerak. Stansiyani kim boshqarishi, qanday narxda elektr energiya sotilishi — juda muhim. Turkiyada Rossiya to‘liqligicha o‘z hisobidan qurilish qilib, energiyani bir 1 kilovatt soati uchun 12,5 sentlik bitim qilgan. Bizga agar xuddi shu shartlar berilsa, olishimiz kerakmi, degan o‘rinli savol bor. Hozirgi kunda O‘zbekistonda bundan arzonroq generatsiya manbalari bor bo‘lsa, qimmatroq atom energetikasi qanchalik zarur? Bilasiz, 12,5 sentdan agar O‘zbekiston sotib olsa (shartlarni bilmayman, shartli shunday bo‘lsa deyapman), bu 1500 so‘mdan ko‘p, hozirgi sotilish narxidan ham ancha baland, bundan bir necha oy avval, boshqa manbalardan generatsiyani 1000 so‘m atrofida deyayotgan edi hukumat. Agar aynan shunday bo‘lsa, AES iqtisodiy ma’noda bizga pulni iqtisod qiladimi, yo‘qmi?” — deya savol qo‘ydi u.

Iqtisodchi bunda yana bir muhim masala — pudratchini tanlash masalasi borligini qayd etdi:

“Rosatomdan boshqa korxonalar tenderda ishtirok etishganmi? Fransiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda atom energetikasi o‘ta rivojlangan, ular ham juda zo‘r stansiyalar qurishadi, ularning korxonalari qanday taklif berishgan bizning hukumatga? Nega aynan Rosatom?”

“Bu savolni berishimning sababi, albatta, bunday narsada siyosatning ham o‘rni yo‘q emas. Rossiya energetikasidan Yevropa deyarli butunlay voz kechdi — buning uchun to‘laqonli Yevropadagi urush sababchi bo‘ldi. Qachondir Germaniya Rus energetikasi arzon deb, siyosiy hisob-kitoblarni pisand qilmasdan, faqatgina iqtisodiy hisobga tayanib qaror qilgan edi va bu qarori ancha qimmatga tushdi”, — deya misol keltirdi Behzod Hoshimov.

“Lekin bizdek ancha kichik mamlakat uchun AESda asosiy pudratchi Rossiya davlati va davlat korxonasi bo‘lishi juda katta savol bo‘lishi kerak. Qandaydir ma’noda, agar Yaponlar va Ruslar bir xil narxga taklif berishsa — Yaponlarni tanlash kerak degan bo‘lar edim, narxi bir xil bo‘lsa ham, har holda, siyosiy risklari ancha kam. Urushi hali ham tugagani yo‘q va yangi sanksiyalar kiritilsa — masalan, bizdagi stansiya va uning iste’molchilari — o‘zbekistonliklarga asoratlari ham, menimcha, hali ham ochiq savol. Bundan tashqari, hozirgi kunda O‘zbekiston o‘z energetikasini modernizatsiya uchun olayotgan mablag‘lar asosan g‘arbiy yoki g‘arb boshchilik qiladigan moliyaviy institutlardan kelmoqda. Bu tashkilotlarning barchasi Rossiyaga sanksiya qo‘llashgan. Endi birgina AESni deb butun boshli energetik tizimning modernizatsiyasi uchun texnologiyalar va mablag‘ni olish manbasi yo‘q bo‘lib qolishi xavfi mavjudmi? Bilmadim, lekin, albatta, juda ko‘p tafakkur qilib qaror qabul qilish kerak bo‘lgan masala”, — deb yozdi u.

Iqtisodchi Ukrainada davom etayotgan urush ko‘p narsani o‘zgartirib yuborganini ta’kidladi.

“Xitoy moliyaviy tizimi ham g‘arbiy sanksiyalarga amal qilib, Rus tranzaksiyalarni bloklashi Xitoy uchun to‘g‘ri qaror edi. Bizga ham saboqdir shu. Ruslar qilayotgan urushning asoratlaridan biri — ilg‘or texnologiyalardan kesilish — bu ham AESga ta’sir o‘tkazadimi? Rivojlangan dunyoning oxirgi texnologiyalarisiz qurilgan AES, albatta, yaxshi bo‘lmaydi, bu ham, menimcha faktor. AES qurilishi, bizdagi boshqa loyihalar uchun texnologiyani olib kelishga to‘siq bo‘lmaydimi? O‘zbekistonga energetik texnologiyalar sotayotgan Air Products`mi yoki Siemens`mi, o‘sha texnologiyalar ertaga mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Rosatomga tushib qolishidan qo‘rqib, sotilishi cheklansa — bu risklarni qanchalik hisobga olganmiz Rosatom bilan ishlab? Bular katta savollar”, — dedi Hoshimov.

Iqtisodchi fikriga xulosa yasarkan, AES qurilishi bo‘yicha barcha ma’lumotlarni ochiqlashga chaqirdi.

“Xarajatlar qancha va kim tomonidan to‘lanishi, xalq bo‘ynida o‘lpon bo‘lib qolmasligi haqida mulohazalar kerak, menimcha, hukumat ancha shaffofroq ishlashi kerak. Elektr sotilishi shartlari va kontraktning barcha detallari ochiqlanishi kerak. Bozorni o‘rganishimiz va boshqa alternativa bo‘la oladigan barcha takliflarni ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu muhim strategik qaror bo‘lgani uchun parlament a’zolari ham bu narsaga ovoz berishlari kerak. Chunki bu faqatgina Energetika vazirligida qabul qilinadigan texnik bir vazifa emas, balki siyosiy asoratlari, strategik asoratlari bor qaror. Hamma xavf-xatar va foydalari o‘rganib chiqilib, jamoatchilikka taqdim etilishi kerak, shunda qaror to‘g‘ri bo‘lsa, o‘ylaymanki, o‘zbekistonliklar yangi yashil energetika manbasining bo‘lishiga qarshilik qilmaslar. Balki buni Yaponlar qurar, balki o‘zimizning uran bo‘lgani uchun ishlab chiqish xarajatlari pastroq bo‘lar — shu kabi barcha detallar bilan tanishishimiz kerak. Men AES g‘oyasi to‘g‘ri bo‘lishi mumkinligiga ishonaman. Chunki bu ancha xavfsiz va yashil texnologiya. Lekin aynan hozir va aynan Rossiya bilan ishlashning iqtisodiy va siyosiy hisob-kitoblari ochiq bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shunda mulohaza to‘g‘ri bo‘lar edi. Menimcha”, — deb so‘zini yakunladi Behzod Hoshimov.

O‘zbekistonda Rossiya AESi qurilmasin!

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev “bir o‘zbekistonlik sifatida bu loyihaga to‘liq qarshi”.

"Yozda qurilishi boshlanarkan. Xo‘p, AES kerakdir, lekin nega “kam quvvatli AES” — shuncha ovora bo‘lib qurganga yarasha u-bu kam-ko‘stimizni to‘ldiradigani qurilmaydimi, ey O‘zAtom? Nega Rossiya bilan qurish kerak buni, nega bir ochiq tanlovi, tenderi yo‘q, ey Energetika vazirligi? O‘zAtom nega o‘z xabarida buning narxini, qaysi pulga qurilishini e’lon qilmaydi? Nega aynan Jizzaxda quriladi, qurilish nega yozdayoq boshlanadi, nega aynan Rossiya bilan, nega aynan kam quvvatli AES — tegishli vazirlik va idoralar bu jihatlarni xalqqa tushuntirmaydimi O‘zbekistonda Rossiya AESi qurilmasin! Bir o‘zbekistonlik sifatida man bu loyihaga to‘liq qarshiman!" — deb yozdi u.

Yo‘q, yo‘q va yana yo‘q!

Moliyachi Otabek Bakirov o‘z munosabatini shunday so‘zlar bilan boshladi.

"AES bu — siyosiy xatar. Davlat mustaqilligini so‘roq ostida qoldiradi. AES bu — iqtisodiy xatar. AES bu — ijtimoiy xatar. AES bu — ekologik xatar", — deya ta’kidladi u.

"Yolg‘on gapiriladigan makonda, hukumat xalqqa hisobdor bo‘lmagan yurtda AES qurilmasligi kerak. Qaysi aql dunyoni yadroviy shantaj bilan qo‘rqitayotganlarga, o‘zlari qurgan ikkita AESni bosib olganlarga AES qurilishini ishonib topshirishi mumkin? Bugun bor, ertaga yo‘q qanaqadir [Alisher] Sultonovlar, qanaqadir [Jo‘rabek] Mirzamahmudovlar, qanaqadir [Azim] Axmedxodjayevlar AES qurib tajriba o‘tkazishmoqchi bo‘lishsa, marhamat, buning uchun O‘zbekistondan boshqa makon tanlashsin. Men rozi emasman, rozi bo‘lmayman. Bizning O‘zbekistondan boshqa zaxira vatanimiz yo‘q!" — deb yozdi Bakirov.

Shuhrat Qurbonov o‘zining Telegram`dagi Kurbanoff.net kanalida kichik AES qurishmoqchi ekani, oldinroq ham buni xohlashgani, lekin o‘shanda gap kattaroq AES haqida ketganini qayd etdi va satirik-yozuvchi Mixail Jvanetskiyning "Ya videl rakov" monologidan parcha keltirdi.

"Вот и выбирай,
по пять, очень большие, но вчера,
либо по три, маленькие, но сегодня, понял?
Не все, но понял, но не все? Но все-таки понял…
Хотя не все, но сообразил почти, да?
Хотя не все сообразил, но сообразил.
Хотя не все.
Ну пошли. Не знаю куда, но пошли. Хотя не знаю куда.
Но надо идти. Хотя некуда.
Уже три — надо бежать…
Но некуда… В том-то и все дело…
"

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev AES qurilishidagi ayrim jihatlardan xavotirda.

"O‘zbekiston kelajagi, ekologik xavfsizligi borasidagi ushbu jiddiy qadamga kirishishda jamoatchilik fikri qanchalik inobatga olingani noma’lum. Nima bo‘lgandayam, ushbu AES kelajakda kimlarningdir qo‘lida O‘zbekistonga bosim o‘tkazish va shantaj vositasiga aylanib qolmasa bo‘ldi. Xavotirimiz shunda", — deb yozdi u.

Ta’lim sohasi bo‘yicha ekspert Komil Jalilov jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayevning AES bo‘yicha yozgan postini ulashar ekan, u ham mazkur loyihaga qarshi ekanini bildirdi.

"Men ham qarshiman. Xalqaro huquqni, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, tinch aholi hayotini bir tiyinga olmaydigan, atom elektr stansiyalaridan shantaj quroli sifatida foydalanadigan davlatga AES qurilishini berib qo‘yib bo‘lmaydi", — deya ta’kidladi Jalilov.

Bloger Mirzo Zominiy odamlarni siyosiy savodxonlikka chaqirmoqda.

"Avval ham aytganman, yana qaytaraman: axborot oladigan manbalaringizni filtrlab oling. Siyosiy savodxonlikni oshiring. Aholining katta qismiga AES oqlab-ko‘klab berilishi, uning foydalari, Rossiyaning tendersiz ham uni qurishi adolatdanligi hali bot-bot singdiriladi. Katta auditoriyaga ega sizu biz bilgan manbalar uning naqadar ijobiyligini takror-takror yozadi. Normal jamiyatlarda parlament nimadir munosabat bildirardi. Bosh omon bo‘lsa, ko‘raveramiz ekan", — dedi u o‘z blogida.