O‘zbekiston va Rossiya Rossiya gazini yetkazib berishni ko‘paytirish uchun “Markaziy Osiyo — Markaz” quvurlari tizimining quvvatini kengaytirish ustida ishlamoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27-may kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuotga bergan bayonotida ma’lum qildi.

2023-yil 7-oktabrdan O‘zbekiston Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qilib keladi. Ikki yilga tuzilgan shartnoma yiliga 2,8 milliard kub metr yetkazib berishni nazarda tutadi.

“Oxirgi qish qanday boshlanganini eslayman. O‘zbekistonda anomal sovuq tufayli og‘ir vaziyat yuzaga keldi. Shavkat Miromonovichning qayg‘urgani va bu muammoni hal qilish uchun barcha imkoniyatlarni izlagani esimda. Tabiiyki, barchamiz kelajak haqida o‘ylaymiz, iqlim o‘zgarmoqda, oldindan qandaydir qadamlar tashlashimiz kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda “Markaziy Osiyo — Markaz” quvuri tizimining quvvatini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, bu esa 2025-yilda O‘zbekistonga yuboriladigan gaz hajmini 11 milliard kub metrga yetkazish imkonini beradi.

Rossiya energetika vaziri Sergey Sivilev “Birinchi kanal”ga bergan izohida Rossiya va O‘zbekiston nafaqat gaz, balki elektr energiyasi yetkazib berishni sezilarli darajada oshirish bo‘yicha faol muzokaralar olib borayotganini aytdi. Hajmlar hamon muzokaralar mavzusi bo‘lib turibdi.

Shavkat Mirziyoyev Rossiyani tabiiy gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha strategik hamkor deb atadi. “Gazni tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, Rossiyaning uglevodorodlarni qayta ishlash bo‘yicha yetakchi kompaniyalari bilan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuv mavjud”, — dedi u.

Avval xabar berganimizdek, “O‘ztransgaz” davlat kompaniyasi 2024−2030-yillarda “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 mln dollarga modernizatsiya qilmoqchi. O‘zbekiston hozirda bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini oladi. Yetkazib berish hajmini kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq Energetika vazirligi rahbari nega mamlakat yonida gazi ko‘p Turkmaniston bor bo‘la turib, uzoqroq bo‘lgan Rossiyadan ham gaz import qilayotganiga, shuningdek, boshqa davlatlarga gaz eksport qilinayotganiga tushuntirish bergandi. O‘shanda u Rossiyadan gaz yetkazib berish masalasini siyosiylashtirish noto‘g‘ri ekanini aytgan.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz import qildi. Yetkazib berish hajmlari orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichidagi ulkan gaz zaxiralariga qaramay, bunday holat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillarni tahlil qilgandi.