O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokaralar hamda hududlar kengashi yig‘ilishidan so‘ng tonggi soat uchgacha muloqotni davom ettirdi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov tasdiqladi.

16:48 da tahririyat so‘roviga javoban u davlat rahbarlari “tet-a-tet formatida muloqot qilishda davom etayotganini” aytdi.

“Muloqot jarayonida O‘zbekiston va Rossiyaning vazirlari va hududlari rahbarlari telefon orqali ko‘rsatma va topshiriqlar olmoqda”, — dedi u.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbini uyiga ham taklif qilganini aytdi.

“Kecha ular taxminan soat uchgacha gaplashganini bilaman. O‘zbekiston prezidenti [Rossiya] prezidentini o‘zi yashayotgan uyiga ham taklif qilgan. Ya’ni bu mutlaqo o‘zaro ishonch ruhidagi muloqot, ayni shunday haqiqiy, o‘zaro do‘stlik”, — dedi Peskov seshanba kuni soat 16:12 da jurnalist Pavel Zarubinning Telegram kanalida e’lon qilingan izohida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun ikkala davlat rahbarlari qisman norasmiy ruhda, qisman esa ish masalalarini muhokama qilgan holda, aeroportga chiqishdan oldin birgalikda nonushta qilishga qaror qilgan.

Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi rejalashtirilganidek ikki kun emas, bali uchinchi kun ham davom etmoqda. Rossiya rahbari Toshkentga 26-may kuni kechki payt kelgandi.

“Birinchidan, ehtimol, ikki tomonlama munosabatlar hajmi [bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin]. Kun tartibi shu qadar mazmunli, shu qadar aniq, keng qamrovliki, u davlat rahbarlaridan juda batafsil ishlashni talab qiladi. Rossiya delegatsiyasining misli ko‘rilmagan darajada katta tarkibi ham shu bilan izohlanadi. Va buning ustiga juda yaxshi shaxsiy munosabatlar ham qo‘shiladi… Shuning uchun bu yerda hamma narsa o‘zaro birlashadi, shu sababdan biz bu yerda uzoq vaqt bo‘ldik. Ammo, yana ta’kidlab o‘tish kerakki, bu bayramona emas, mutlaqo amaliy ahamiyatga ega [tashrif]”, — dedi u.