O‘zbekistonga 2023-yil yanvar-dekabr oylarida 30 ta davlatdan umumiy qiymati 197 mln 842 ming dollar miqdoridagi gumanitar yordam yuklari kirib keldi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat maqsadli jamg‘armalarining 2023-yilgi ijrosi bo‘yicha hisobotida.

Gumanitar yordamning asosiy ulushi quyidagi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi:

  • Germaniya (71 mln 379,4 ming dollar yoki jami yordamning 36 foizi);
  • Xitoy (27 mln 467,6 ming dollar, 13,9 foiz);
  • AQSh (23 mln 234,2 ming dollar, 11,8 foiz);
  • Belgiya (22 mln 620,2 ming dollar, 11,4 foiz);
  • Shveysariya (20 mln 757,8 ming dollar, 10,5 foiz).

Umumiy gumanitar yordamning 83,63 foizi yuqoridagi beshta davlatga tegishli.

Kirib kelgan gumanitar yordam sohalar kesimida tahlil qilinganda:

  • sog‘liqni saqlashga (169 mln 233,5 ming dollar);
  • ijtimoiy sohaga (1 mln 244,4 ming dollar);
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga (943,2 ming dollar);
  • ta’limga (247,2 ming dollar) yo‘naltirilgan.

Ya’ni kirib kelgan gumanitar yordamning 85,5 foizi sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu davrda kirib kelgan gumanitar yordamlar gumanitar yordam oluvchi tashkilotlar salmog‘iga nisbatan tahlil qilinganda:

  • SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga 58,2 foiz;
  • “Ta’minot va logistika xizmati” unitar korxonasiga 17,2 foiz;
  • Gematologiya ilmiy tadqiqot institutiga 10,5 foiz;
  • “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga 11,2 foiz ulush to‘g‘ri keladi.