Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 30-may kuni prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 1-maydan tariflar oshirilganidan keyin O‘zbekistonda elektr va gaz iste’moli qanday o‘zgargani haqida gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1−29-may kunlari elektr energiyasi iste’moli ўтган yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soatga kamaygan, ya’ni “bu hajm tejalgan”.

“Aytib o‘tish kerakki, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan aholi orasida abonentlar soni 160 mingdan ortiqqa oshgan, yuridik iste’molchilar, ya’ni ishlab chiqarish korxonalari soni ham ortgan. Ya’ni, iste’molchilar ortdi, iqtisodiyot, sanoatning o‘sishi bilan birga, umumiy iste’mol tushgani energiya tejamkorlik ta’minlanayotganining isboti deb ko‘rsa bo‘ladi”, — dedi vazir.

Energetika vazirligi rahbarining aytishicha, quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga ko‘pdir.

“Shu bilan birgalikda, biz import qilgan elektr energiyamiz hajmi kamaydi hamda elektr energiyasini ichki iste’molchilarni to‘liq ta’minlagan holda eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Xuddi shu tendensiyani gazda ham ko‘rsa bo‘ladi. Umumiy abonentlar sonining oshishi bilan bir qatorda may oyining 29 kunida iste’mol 125 million kub metrga kamaydi. Kunlik iste’molga qaralsa, issiqlik elektr stansiyalarida rejadagidan ko‘ra 5−6 million kub metr gaz, shuningdek, 2 barobar kam ko‘mir yoqilyapti”, — dedi u.

“Gazeta.uz” yangi tariflar joriy etilishi bilan aholi xarajatlari qanchaga oshishini batafsil va misollar bilan tahlil qilgandi. Energetika vaziri yangi tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, shuningdek, tabiiy gazni import qilish xarajatlari hisobga olinganini qayd etgan. Ijtimoiy me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish hali rejalashtirilmagan.