Birinchi chorakda subsidiya mablag‘larining 85 foizi gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplash uchun ishlatilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 2024-yil yanvar-mart oylaridagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotida aytiladi.

2023-yilda tabiiy gazning o‘rtacha xarid bahosi (bozor bahosi bo‘yicha) va ichki bozorda (tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha) sotilishi o‘rtasidagi farqlarni qoplash uchun davlat budjetidan 17,99 trillion so‘m (dastlab 12,4 trillion so‘m ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da) ajratilgan. Xususan, O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar asosida ichki bozor uchun eksportga mo‘ljallangan gazni eksport narxlarida xarid qilgan. Shu sababli “O‘ztransgaz” Koreya kompaniyalaridan 1 milliard dollar qarz bo‘lgan, 2019-yilda “Lukoyl"dan 600 million dollar qarzdorlik haqida xabar berilgandi.

Avvalroq bu kabi qarzlar qanday shakllanayotganini haqida yozgan edik.

2024-yilda 1-maydan boshlab gaz tariflarining oshishi hisobiga subsidiyalar miqdorini 9,5 trillion so‘mgacha kamaytirish rejalashtirilgan edi.

Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, 8,06 trillion so‘m yoki butun yil uchun rejalashtirilgan hajmning 84,8 foizi allaqachon o‘zlashtirilgan.

Tariflar oshirilgandan so‘ng “Gazeta.uz” energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovdan yangi tariflar xarajatlarning qaysi qismini qoplashi va energiya resurslariga davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar qachon to‘xtatilishi haqida so‘ragandi. Energetika vazirligi rahbari aniq sana va raqamlarni keltirmagan.

“Biz ikki yo‘nalishda ishlayapmiz. Ha, tariflarni oshirish xarajatlarning bir qismini qoplaydi, ammo xarajatlarimizni optimallashtirish kerak, bu bo‘yicha bizda aniq maqsadli parametrlar bor, bu ikkinchi vazifa. Ushbu ikki parametr orqali qanday qilib muvozanatga erishishimiz mumkinligini ko‘rib chiqyapmiz”, — deb javob bergandi u.

Avvalgi yillarda hukumat davlat xarajatlari chegarasidan chiqib ketgan va parlament orqali limitni kengaytirgan edi.

Birinchi chorakda O‘zbekistonda gaz qazib olish 5,9 foizga kamaydi, shuning uchun ham ko‘k yoqilg‘i importi keskin oshdi. Gazdan aksiz tushumlari 1,36 trillion so‘mdan 1,08 trillion so‘mga tushdi.

2024-yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonga gaz importi 360 million dollardan oshdi (mart oyida — 152,9 million dollar), bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobar ko‘p.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston katta gaz zaxiralariga qaramay, gazning sof importchisiga aylanib qolganining omillarini tahlil qilgan edi.

2023-yil 7-oktabrdan O‘zbekiston Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qila boshlagan. Shimoldan gaz importini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga 500 million dollar investitsiya kiritish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.