Istiqbolli loyihalar milliy agentligi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (OSAGO) bo‘yicha 2019-yilda tasdiqlangan sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Agentlikka ko‘ra, sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqishga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlarining o‘z vaqtida to‘lanmayotgani hamda to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani bo‘yicha transport vositalari egalarining murojaatlari soni ko‘paygan.

Tahlillarga asosan, 2019-yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmagani sababli turli xil yo‘llar bilan to‘lovlar kechiktirib kelinmoqda, deya qayd etgan ILMA.

Regulyatorga ko‘ra, 2023-yilda Toshkent shaxrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan.

“2019-yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qoldi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda iste’mol narxi indeksi oxirgi 5 yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori o‘sishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan.

Mamlakatda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti xozirda yaqin qo‘shni davlatlar hamda chet el davlatlar bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi, deya qayd etdi ILMA.

Mazkur muammo yechimi sifatida asosli hisob-kitoblar natijasida, ya’ni “transport vositalari egalari va sug‘urta tashkilotlari uchun maqbul sug‘urta tariflari va sug‘urta summasini” belgilash rejalashtirilmoqda.

Agentlik yangi sug‘urta tariflari va sug‘urta summasini belgilash yuzasidan taklif va mulohazalarni Napp_connect_bot Telegram botiga yuborishni so‘radi.