Prezident tashrifi doirasida 31-may kuni Buxoro viloyatida yirik energetika va transport majmualarining qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,4 barobarga ko‘payib, birgina o‘tgan yilda 553 trillion so‘mni tashkil etdi. Buxoroda esa bu ko‘rsatkich 1,6 barobarga oshib, 30 trillion so‘mga yetdi.

Bundan tashqari, viloyatda 7 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 41 ta va yana shuncha qiymatdagi 39 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda.

“Endi yana uchta yirik inshoot — gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi.

“Qorako‘l” gaz-kimyo majmuasi

“Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasi mamlakatdagi methanol to olefins (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan birinchi zavod bo‘ladi. MTO GKM tejamkor gazni (O‘zbekistonga xos, qimmatli komponentlari kam bo‘lgan quruq gaz) qayta ishlab, polipropilen, past va yuqori zichlikdagi polietilen, polietilentereftalat ishlab chiqaradi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyiha 5 milliard dollarga yaqin investitsiyalarni jalb qiladi (kompaniya saytida 3,1 milliard dollarlik investitsiyalar haqida ma’lumot berilgan, 2020-yilda loyihaning taxminiy qiymati 2,8 milliard dollarga, 2021-yilda esa 2,5 milliard dollarga baholangandi, 2022-yil iyul oyida — 4 milliard dollar, ya’ni obyektning narxi taxminan ikki baravar oshgan) va AQSh, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoydan ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatiladi.

Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSh, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilg‘or texnologiyalari keltirib o‘rnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, O‘zbekiston va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi.

Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, u qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochilishiga turtki bo‘ladi.

Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida Buxoroda nafaqat turizm, balki sanoat ham haqiqiy “drayver”ga aylanadi, dedi prezident.

Masdar kompaniyasi quradigan QES

Xabarda aytilishicha, iqtisodiyotning barqaror o‘sishi elektr energiyaga bo‘lgan talabni yiliga o‘rtacha 6 foizga oshirmoqda. Shu bois joylarda yangi generatsiya quvvatlari qurilmoqda.

So‘nggi yillarda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulangan. Bugungi kunda xorijiy sheriklar bilan jami 19 milliard dollarlik 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” generatsiya quvvatlari qurilmoqda.

Joriy yilning o‘zida 14 ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada mamlakatda ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9 foizdan 15 foizga oshadi. Umuman, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Hozirgi kunda Buxoroda qariyb 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Endi ularning safiga BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan quriladigan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham qo‘shiladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025-yil dekabrda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Saudiya Arabistonining ACWA Power, Xitoyning Gezhouba kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari qurilmoqda. 2030-yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 karra ortib, yiliga 12,5 milliard kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.

Yangi xalqaro aeroport

2023-yilda Buxoroga 1 million 400 mingga yaqin xorijiy turistlar tashrif buyurgan. Shu sababli viloyat xalqaro aeroportida parvozlar sonini ko‘paytirish talab etilmoqda, deyiladi xabarda.

Shu bois xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan.

226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.

Shu yerda Buxoro viloyatida qurilishi rejalashtirilgan majmualar, jumladan, yangi aeroport loyihasi taqdimot qilindi.