Yaqinda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori etib tayinlangan Jahongir Azimov fotograf Kamil Yenikeyev bilan sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi. Avval yozganimizdek, u Toshkentdagi sobiq MXX majmuasi hududidan eman daraxtlarini ko‘chirishga mas’ul bo‘lgan Muna Mug kompaniyasi rahbari Farrux Hakimovning tajovuzkor xatti-harakatlariga duch kelgandi.

Jahongir Azimov o‘zining Telegram kanalidagi “Kamil Yenikeyev keysi bo‘yicha shaxsiy fikr” nomli postida shunday yozadi: “O‘sha kungi voqealar rivojini to‘liq o‘rganish kerak. Farrux Hakimov Kamilning mashinasiga qanday kelib qoldi? Nega kompaniya direktori bu tarzda qo‘pol gapirdi? Kamil qancha vaqt u yerda edi? Bu hudud atrofida nima bor? Savollar ko‘p. Ammo ular qancha bo‘lishidan qat’i nazar, nomaqbul xatti-harakatlar qonun bilan jazolanishi kerak”.

Fond direktorining ta’kidlashicha, texnologiya tufayli bugungi kunda fuqarolar OAV bilan bir qatorda muammolar haqida xabar berishlari mumkin: “Bu fenomen — „fuqarolik jurnalistikasi“ (citizen journalism). Darvoqe, O‘zbekiston blogosferasi aynan shunday fuqarolar sharofati bilan shakllandi”, — deb yozdi u.

Jahongir Azimov “Kamil o‘z harakati bilan jamoat manfaati — daraxtlarni himoya qilmoqda”, — deb ta’kidladi. Fuqarolar qonun buzilishini ko‘rsatib, “jamiyatda mas’uliyat tuyg‘usini va nomaqbul xatti-harakatlarga nisbatan murosasizlikni uyg‘otadi”, — deb hisoblaydi u.

Fond direktorining so‘zlariga ko‘ra, Kamil Yenikeyevning keysi ham “insonning shaxsiy chegaralarini hurmat qilish va o‘zini munosib tutish qanchalik muhimligini” ko‘rsatadi.

“Kamilga energetik ichimlik sepgan Muna Mug kompaniyasi direktori va asoschisi Farrux Hakimovning xatti-harakati ochiqdan-ochiq qo‘pol harakatdir. Vaziyat qanchalik keskin bo‘lmasin, suvni shunchaki olib, boshqa bir odamga sepib yuborib bo‘lmaydi”, — dedi u.