Nyu-York hakamlar hay’ati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni 2016-yilgi saylovlar oldidan pornoaktrisa Stormi Deniyelsga o‘tkazilgan to‘lovni yashirish maqsadida biznes hisobotlarini soxtalashtirishda aybdor deb topdi, deya xabar berdi Reuters. Tramp AQSh tarixida jinoiy ishda aybdor deb topilgan birinchi prezidentga aylandi.

Ikki kun davom etgan muhokamalardan so‘ng 12 kishidan iborat hakamlar hay’ati Trampni ko‘rib chiqilgan barcha 34 ta band bo‘yicha aybdor deb topdi.

Tramp qimir etmay o‘tirdi va hukmni tingladi, deya qayd etdi agentlik. 77 yoshli siyosatchi aybdor ekanini rad etdi va qaror ustidan shikoyat qilishi kutilmoqda. “Bu sharmandalik edi”, dedi u aybdor deb topilganidan keyin.

Trampga jazo chorasini sudya Xuan Merchan belgilaydi. Hukm 11-iyul kuni, Respublikachilar partiyasi 5-noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan Trampni prezidentlikka rasman nomzod qilib ko‘rsatishni rejalashtirayotganidan bir necha kun oldin e’lon qilinadi.

Ayblovga ko‘ra, 2016-yilgi prezidentlik saylovlari oldidan Tramp advokati orqali Denielsga u bilan bo‘lgan munosabati haqida sukut saqlashi uchun 130 ming dollar to‘lagan. To‘lovning o‘zi qonunbuzarlikka kirmasdi, biroq Tramp va uning advokati Maykl Koen buni yuridik xizmatlar uchun to‘lov sifatida ko‘rsatgan, o‘z navbatida, Nyu-York shtatida bu hisobotlarni soxtalashtirish deb baholanmoqda va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Koen va Deniels sud jarayonida ayblovchi tomon sifatida guvohlik berdi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, biznes hisobotlarini qalbakilashtirish uchun maksimal jazo to‘rt yillik qamoq hisoblanadi. Aybdor deb topilganlar ko‘pincha qisqaroq muddatga qamaladi yoki jarima to‘laydi, shuningdek, sinov muddatini oladi. Qamoq jazosi qonun bo‘yicha Trampning saylovoldi tashviqotini yuritishi yoki g‘alaba qozongan taqdirda lavozimga kirishishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Stormi Deniyelsga to‘lov ishi yana bir bor prezidentlikka qaytishga urinayotgan Trampga qarshi ochilgan to‘rtta jinoiy ishdan biri hisoblanadi. Unga qarshi, shuningdek, Jorjiyadagi 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish, 2021-yil yanvarida Kapitoliyga hujum qilish va maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilish bilan bog‘liq ayblovlar ilgari surilmoqda. Tramp ularning har biri bo‘yicha aybdor ekanini rad etmoqda.

Nyu-York ishi Trampga qarshi ochilgan to‘rtta jinoiy ishning eng kam ahamiyatli bo‘lgani hisoblanadi. Ammo mazkur hukm saylov oldidan chiqarilgan yagona hukm bo‘lishi mumkinligi tufayli muhim bo‘lib turibdi. Qolgan jarayonlar muammolar tufayli kechiktiriladi.