Samarqand shahridagi Cho‘pon ota massivida noqonuniy sotuvdan olib qo‘yilgan 30 bosh Markaziy Osiyo toshbaqasi bolalari yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Toshbaqalar sog‘lig‘ini tekshirish uchun darhol Zarafshon milliy tabiat bog‘i reabilitatsiya markaziga o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, toshbaqalarni sotmoqchi bo‘lgan huquqbuzarlar ekologik reyd davomida voqea joyidan qochib ketgan. Ularning shaxsini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Markaziy Osiyo toshbaqasi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston Qizil kitobiga zaif va kamayib borayotgan tur maqomida kiritilgan.