O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov 2025—2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘mita a’zosi bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

29-may kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida qo‘mitaning to‘qqiz nafar a’zosi uch yilga saylandi.

Saylovda O‘zbekiston bilan birga 16 ta davlat — Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-d'Ivuar, Litva, Marokash, Paragvay, Janubiy Koreya, Shimoliy Makedoniya, Togo, Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrika vakillari 9 ta o‘rin uchun kurash olib bordi.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston nomzodi a’zo mamlakatlar orasida eng ko‘p ovoz to‘pladi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning asosiy organlaridan biriga a’zo bo‘ldi.

BMT O‘zbekiston tomonidan erishilgan aniq chora-tadbirlarni qayd etdi: “bolalar va majburiy mehnatga barham berish, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgani, shuningdek, BMTning inson huquqlari kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan ochiq muloqotga tayyorligi”, deb ta’kidlaydi “Dunyo”.

“O‘zbekistonning ushbu nufuzli konvensiya organiga saylanishi mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shuningdek, bu borada ilg‘or tajriba almashish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Inson huquqlari qo‘mitasi BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo‘lib, a’zo davlatlar tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning bajarilishini monitoring qiladi. Ushbu paktga 173 ta davlat a’zo. O‘zbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995-yilda qo‘shilgan. Qo‘mita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘liq hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020-yil kuzida ilk bor 2021−2023-yillar uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangandi.

2021-yil noyabr oyida O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov 2022-yil uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylangandi.