Toshkent shahridagi jamoat joylarida 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etish rejalashtirilgan turli “tekinga narsa tarqatish” kabi aksiyalar to‘xtatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Xususan, “Ashxobod” ko‘ngilochar bog‘ida soat 12:00 da tekinga o‘yinchoqlar tarqatilishi haqidagi axborot ortidan poytaxt aholisi va mehmonlardan iborat juda ko‘p fuqarolarning bir vaqtning o‘zida bog‘ atrofida to‘planishlari kuzatilgan.

Boshqa bog‘larda ham shu kabi tekinga narsa tarqatish kabi aksiyalar tufayli kuchli tartibsizliklar yuzaga kelgan.

Oqibatda hududga kirish/chiqish va ayrim ichki yo‘nalishlarda tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi va yaqin avtomobil yo‘nalishlarida 10 ballgacha bo‘lgan tirbandliklar yuzaga kelgan.

Toshkent hokimligi ham bir kun avval Magic City bog‘ida 1 tonnali ulkan tort tayyorlash rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.

“Hozirda vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, tiqilinchlarni va yo‘llardagi tirbandliklarni bartaraf etish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatda jarohatlanganlar aniqlanmagan, tobi qochganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Toshkent metrosining Sergeli-Chilonzor yo‘nalishida ham odamlar to‘planib qolganini ko‘rish mumkin.

Poytaxt IIBB qulaylik yaratish maqsadida jamoat transporti soni ko‘paytirilganini ma’lum qildi.

“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan shahrimizda ko‘plab madaniy tadbirlar tashkil etilgan. Biroq ko‘plab fuqarolar tadbirlarga shaxsiy transportida kelayotgani sababli hozirda poytaxtimizda tirbandliklar kuzatilmoqda. Shu sababli sizlardan istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlarga shaxsiy transport vositasida kelmasligingizni, jamoat transportidan foydalanishingizni tavsiya qilamiz”, — deyiladi boshqarma murojaatida.