Maktablarda o‘qish tugab, yozgi ta’til boshlanishi bilan cho‘milishga ehtiyoj oshadi, bolalarni esa xavfsiz cho‘milish havzalari bilan ta’minlash muhim. Bu haqda O‘zbekiston bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Bolalar ombudsmanining ta’kidlashicha, hozirda bu yo‘nalishda ishlar ketmoqda.

“Biz har bir hududda aynan ana shu shart-sharoitni yaratish orqaligina bolalar bilan bog‘liq halokatlarning oldini olish zarur deb hisoblaymiz. Bu haqda har bir hududdagi Bolalar ishlari bo‘yicha milliy komissiya rahbarlariga — viloyat xokimlariga so‘rov kiritganmiz”, — dedi u.

Suzish taqiqlangan hududlarda cho‘milmaslik bo‘yicha bolalar bilan suhbat olib borilmoqda. Foto: Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiSuzish taqiqlangan hududlarda cho‘milmaslik bo‘yicha bolalar bilan suhbat olib borilmoqda. Foto: Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Bolalar ombudsmani halokatlarning oldini olishda nazoratni kuchaytirish, preventiv choralar, ogohlantirish muhimligini bildirdi.

“Bolalarning o‘z atrofida bo‘lgan suv havzalariga borishi holatlari ko‘paygan. Shuning uchun xavfsizlik masalasiga biz ham mutasaddilar e’tiborini qaratyapmiz. Bunday vaziyatda nazoratni kuchaytirish halokatli holatlar, jumladan, bolalarning cho‘kishi bilan bog‘liq fojialarning oldini oladi”, — dedi Surayyo Rahmonova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bolalarni taqiqlangan joyda cho‘milmaslik haqida ogohlantirishning o‘zigina yetarli emas.

“Taqiq bilan muammo hal bo‘lishi qiyin. Bolaning ehtiyojlari uchun ham ogohlik, ham muqobil xavfsiz suv havzalari kerak”, — deb hisoblaydi u.

Surayyo Rahmonova, o‘z navbatida, bolaning xavfsizligi va sog‘lig‘i uchun ta’til vaqtida ota-ona mas’ul ekanini eslatib, bolalarga e’tiborliroq bo‘lishga chaqirdi.