“Yashil makon” milliy loyihasini amalga oshirishning bahorgi mavsumida sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga 600 ming tupdan ortiq ko‘chat ekildi. Ayrim vazirlik, idora va tarmoqlar bunga yetarlicha e’tibor bermagan.

Bu haqda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya masalalari qo‘mitasining 31-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘z bordi, deb xabar berdi O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi matbuot xizmati.

Senatorlar ko‘chatlarni parvarish qilish, jumladan, sug‘orish va kasalliklarning oldini olish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayotganini ta’kidladi. Prezidentning 2023-yil 23-noyabrdagi 199-sonli farmoniga muvofiq hududlarda ekilgan daraxtlarning kasallik va zararkunandalarga qarshi mexanik, biologik, kimyoviy kurash tadbirlarini moliyalashtirish mahalliy budjet mablag‘lari hamda vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu masala hal etilmasdan qolayotgandi ta’kidlandi.

Hokimliklar, vazirliklar, idora va tashkilotlar tomonidan avvalgi mavsumlarda ekilgan, tabiiy va boshqa omillar hisobiga qurib qolgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, ko‘karmasdan qurib qolganlari o‘rniga yangi ko‘chatlarni ekib o‘rnini to‘ldirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga qator taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, ekilgan ko‘chatlar haqidagi ma’lumotlarni Yashilmakon.eco elektron platformasiga o‘z muddatida va haqqoniy joylashtirish, kuzgi mavsumda har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylarni belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga “Yashil makon” loyihasining amalga oshirilishi ustidan qattiq parlament va jamoatchilik nazoratini davom ettirish tavsiya etildi.

Joriy yilda Vazirlar Mahkamasining 7-martdagi farmoyishiga asosan jami 200 mln, shundan bahor mavsumida 125 mln tup ko‘chat ekilishi belgilangan bo‘lib edi, amalda esa bahor mavsumida 138,1 mln tup (10,5 foiz ko‘proq) daraxt ko‘chatlari ekilgan.

Ko‘chatlarni agrotexnik talablarga mos ravishda ekish, ularni parvarishlash, sug‘orish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini to‘g‘ri tashkil etishga qaratilgan 914 ta amaliy seminar o‘tkazildi.

Ko‘chatlarni sug‘orish uchun 253 ta suv chiqarish quduqlari va 2906 km uzunlikda sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan. Sug‘orish manbasi mavjud bo‘lmagan hududlarga sug‘orish uchun 991 ta maxsus texnikalar biriktirilgan.

O‘tgan davrda 377 gektar maydonda ko‘chatxonalar tashkil etilib, ularda 120 mln nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan. Hududlarda 747 ta ko‘chat savdo yarmarkasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2021-yil noyabr oyidan boshlab har yili 200 million tup daraxt ekish loyihasi amalga oshirilmoqda. Avvalroq millionlab ko‘chatlar ro‘yxatga olingani, sug‘orish tizimlarining yo‘qligi sababli ular nobud bo‘layotgani va dastur ijrosidagi boshqa kamchiliklar haqida qayta-qayta xabar berilgan. Prezidentning o‘zi ham bunga e’tibor qaratgan.

Masalan, ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qilganidek, 2022-yilda “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgan. Shuningdek, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilishiga yo‘l qo‘yilgan. Bundan tashqari, mintaqaning iqlim va tuproq parametrlariga mos keladigan daraxtlarni tanlashda jiddiy muammo mavjud.