Sud Toshkentdagi “Ashxobod” bog‘i rahbariga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi, deb xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Ko‘ngilochar bog‘ ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlarda 1-iyun kuni soat 12:00 da tekinga 20 mingta o‘yinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida reklama chiqargan. Biroq bir vaqtning o‘zida o‘yinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 ming nafar fuqaroni bog‘ hududida jamlashning imkoni bo‘lmasligi, shuningdek, yo‘l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni o‘tkazmaslik haqida bog‘ rahbariyati ogohlantirilgan.

“Lekin bog‘ ma’muriyati ommaviy tadbirlarni o‘tkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga o‘yinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bog‘ hududida va uning atrofida aholini ommaviy ravishda to‘planishiga sababchi bo‘lgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tug‘dirgan”, — deyiladi xabarda.

Natijada bog‘ hududidiga kirish-chiqish va ayrim ichki yo‘nalishlarida tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi va yaqin avtomobil yo‘nalishlarida tirbandliklar yuzaga kelgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

Holat yuzasidan Yashnobod tumani IIB tomonidan bog‘ direktori A.N. (1981-yilda tug‘ilgan), direktor o‘rinbosari A.Z. (1987) va reklama bo‘limi boshlig‘i D.T. (1994)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185−3 (O‘zbekiston hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi), 200−1 (Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish), 201-moddasiga (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-sonli qarori talabiga ko‘ra, ommaviy tadbirni o‘tkazishga ruxsat olish uchun bir oy oldin murojaat qilish lozim, deya eslatgan boshqarma.