2-iyun kuni soat 13:30 da Qatar Airways aviakompaniyasining Doha-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarining birinchi reysi Toshkent aeroportiga uchib keldi. Bu haqda ilk qatnovni kutib olish marosimida qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri xabar qildi.

Hamad aeroportidan 10:28 da uchib ketgan Airbus 320 samolyoti 3 soatda O‘zbekistonga yetib keldi. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi.

Yo‘lovchi reyslari haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Keyinchalik parvozlar har kuni qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Aviakompaniya O‘zbekistonga aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun 2021-yilning sentabrida ruxsatnoma olgandi.

“Birinch paroz aslida 2023-yilda davlat rahbarlari o‘rtasidagi tashriflar bo‘lgan, ular mazkur yangi qatnov uchun poydevor bo‘ldi. O‘zbekiston Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor deb biladi. Kutilayotgan muhim natijalardan biri bu Hamad aeroporti va Qatar Airways kompaniyasining yo‘lovchi va mijozlarga bo‘lgan xizmat ko‘rsatish darajasini Toshkent aeroporti uchun import qilishga harakat qilamiz”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari v.b. Javlonbek Umarxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent kompaniya uchun Markaziy Osiyoga qatnov yo‘lga qo‘ygan Olmaotadan keyin ikkinchi shahar hisoblanadi. Biroq Javlonbek Umarxo‘jayev ko‘rsatkichlar bo‘yicha mintaqada Toshkent birinchi bo‘lishga ishonch bildirdi.

Javlonbek Umarxo‘jayev.Javlonbek Umarxo‘jayev.

Uzbekistan Airports 2023-yilda 7 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkichni 8,5 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Bunda Qatar Airways`ning o‘rni yuqori bo‘ladi, deya ta’kidladi Uzbekistan Airports rahbari.

“O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlar uzoq muddatli bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamkorlikka asoslangan. Kelgusida biz Toshkentga parvozlar chastotasini oshirish hamda Buxoro va Samarqandga reyslarni yo‘lga qo‘yishni ham ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi aviakompaniyaning Sharqiy hududlar bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Marvan Koleylat.

Ma’lumot uchun, Qatar Airways bosh qarorgohi Dohada joylashgan Qatar milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviakompaniya dunyo bo‘ylab 170 dan ortiq yo‘nalishlarga parvoz qiladi.

Kompaniya ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan va Skytrax tomonidan yetti marta “Dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi” deb topilgan.