Xabar yangilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi Islomda kriptovalyuta savdosi shariat qonunlari bo‘yicha tovar va pul shartlariga to‘g‘ri kelmasligi sababli taqiqlanganini ma’lum qildi. Keyinroq markaz ushbu postni o‘chirib tashladi va muammo o‘rganish va izlanishni talab qilayotganini aytib, uzr so‘radi.

Dastlabki xabar

Bitkoin, notkoin va boshqa shu kabi kriptavalyutalarda savdo-sotiq qilish Islom dinida shar’an joiz emas. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu kriptovalyutalarda shariat tomonidan pulga qo‘yilgan talablar topilmaydi. Kriptovalyuta — tranzaksiyalarni himoya qilish va yangi birliklarni yaratishni nazorat qilish uchun kriptografiyadan foydalanadigan raqamli yoki virtual valyuta.

Ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, narxining keskin o‘zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Markaz hozirda faqat elektron ko‘rinishda mavjud bo‘lgan “raqamli pul”lar vaqt o‘tishi bilan shariatga muvofiq tovar va pulga qo‘yilgan shartlarga to‘liq javob bera olsa, shundagina ulardan foydalanishning hukmi ham o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi.

“Demak, kriptovalyutalarning hukmi halol bo‘lmaguncha musulmonlar bu pullar bilan savdo qilmay turishlari lozimdir”, — deyiladi xabarda.

Fatvo markazining eslatishicha, kriptavalyutalar savdosi hozirga qadar Dunyo musulmon ularmolari birlashmasi, Saudiya Arabistoni kibor ulamolari hay’ati, Misr “Dorul ifto” fatvo markazi, Iordaniya fatvo idorasi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvo markazi, Liviya fatvo uyi va Falastin fatvo markazi kabi fatvo uyushmalar tomonidan harom deb e’lon qilingan.

Kriptovalyutalardan foydalanmaslik hukmining asoslari qanday?

Islom dini qoidalariga ko‘ra, tilla va kumush asl puldir. Qolgan ko‘rinishdagi pullar ularning o‘rinbosarlaridir. Ular turli ko‘rinishda, jumladan, elektron bo‘lishi ham mumkin. Lekin ular pul deb hisoblanishi uchun bir qancha shartlarga javob berishi kerak.

“Raqamli pullar” yoki “virtual pullar” deyilayotgan, naqd ko‘rinishda mavjud bo‘lmagan kriptovalyutalar pulning quyidagi talablariga javob bera olmaydi va ba’zi xatarlarga ega:

Kriptovalyutalarda pul bo‘lish talablari topilmaydi

Pul — tilla va kumush yoki ularning o‘rnini bosuvchi, ma’lum bir qiymatga ega bo‘lgan, hukumat tarafidan tan olingan va kafolatlangan hamda insonlar orasida o‘zaro ayirboshlash vositasi sifatida muomalaga kiritilgan narsa (valyuta)dir. Demak, shariatga ko‘ra, o‘zaro ayirboshlanayotgan narsalar mol yoki pul bo‘lishlari shart bo‘lib, kriptovalyutalarda mol yoki pulda topilishi lozim bo‘lgan yuqoridagi shartlar mavjud emas. Shuning uchun ularni sotish yoki sotib olish joiz emasdir.

Pul chiqarish davlatning haqqidir

Hozirda mashhur bo‘lgan kriptovalyutalarning birortasini ham rasman davlatlar chiqarmagan. Aksarining egalari noma’lum, nari borsa bir-ikki shaxsdir, deya ta’kidlaydi markaz. Din qoidalariga ko‘ra pulni davlat ishlab chiqaradi. Uni har kim ishlab chiqarishga haqqi yo‘q.

Pulni hamma qabul qilgan, uni ishlatishga hammaning imkoniyati bo‘lishi kerak

Kriptovalyutalarni ma’lum bir tizimga ulangan kishilargina ishlata oladi va hozirda hamma ham uni muomala uchun qabul qilmaydi. Shu jihatda u hali to‘liq pulga aylanmagan. Savdo-sotiqda mahsulot (tovar) uchun to‘lanadigan narsa pul yoki tovar bo‘lishi lozim. Pullikka yaramaydigan narsa bilan to‘lov qilinsa, bu savdo durust bo‘lmaydi va bekor bo‘ladi. Undan olingan foyda ham halol ekani shubha ostida qoladi.

Ularning natijasi noma’lumligi

Kriptovalyutalarning kelajagi mavhum. Unga hech kim kafolat bermaydi, ortida turmaydi. Erta-indin yo‘qolib ketadimi yoki barqaror valyutaga aylanadimi, noma’lum. Kriptovalyutalar doimiy rezerv bilan ta’minlanmagan va bu ularning qiymati kutilmagan paytda yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Bunday valyutalar bilan savdo-sotiq qilish molni xatarga qo‘yishdir. Din molni bekorga zoye qilish va xatarga qo‘yishdan qaytargan, deya tushuntiriladi xabarda.

Qiymatining keskin tushib-ko‘tarilib turishi

Kriptovalyutalarning narxlari keskin ko‘tarilib-tushib turishi va ko‘pchilik faqat shu o‘rtadagi farqdan foyda ko‘rishga intilishi unda qimor alomatlari borligini ko‘rsatadi. Ya’ni aksar odamlar o‘ziga kerak biror mahsulot sotib olishni emas, balki narxning ko‘tarilib-tushishiga pul tikishni maqsad qiladi. Bu esa savdoning asosiy g‘oyasiga ziddir. Din musulmonlarni qimor va unga o‘xshash faoliyatlardan man qilgan.

Kriptovalyutalar savdosida firibgarlik ehtimoli kattaligi

Bitkoin va boshqa kriptovalyutalar hamyoni egasi kim ekanini bilib bo‘lmasligi sababli noqonuniy pul aylantirish va firibgarlikka yo‘l ochiladi. Kriptovalyuta o‘tkazmalari banksiz amalga oshirilishi ham uning xavfini oshiradi va o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarib olib bo‘lmaydi. Bugungi kunda xalqaro fatvo uyushmalari va fiqh akademiyalari kriptovalyutalar masalasini chuqur o‘rganib, ular bilan savdo qilish joiz emas, degan fatvo bergan.

Masalaning eng muhim tomoni, pul deb atalayotgan ayirboshlash vositasi o‘z mohiyatida, ya’ni ishlab chiqarish shakli, chiqarish bosqichlari va unga murojaat qilish jarayonida mavhumlikni o‘z ichiga oladimi, yo‘qmi, undan aldash vositasi sifatida foydalaniladimi, yo‘qmi, ma’lum bir guruhning nohaq va asossiz boyishiga sabab bo‘ladimi, yo‘qmi, shu jihatdadir, deyiladi xabarda.

So‘nggi yillarda paydo bo‘lgan ko‘p turdagi kriptovalyutalarning har biridan foydalanish joiz yoki joiz emaslik hukmini yuqoridagi umumiy tamoyillarga ko‘ra e’tiborga olish kerak. Shunga ko‘ra, o‘z mohiyatida jiddiy mavhumliklarni o‘z ichiga oluvchi, aldanish va aldash xavfi yuqori bo‘lgan, shuning uchun hech qanday kafolatga ega bo‘lmagan, moliyaviy piramida sifatida ma’lum bo‘lgan va ayrim guruhlarning adolatsiz va asossiz boyib ketishiga olib keladigan kriptovalyutalardan foydalanish joiz emas, deb ta’kidladi markaz.

Zarurat bo‘lsa, kriptovalyutalarning o‘rnini bosadigan raqamli pullarni rasmiy doiralar muomalaga kiritishi maqsadga muvofiq bo‘lishi aytib o‘tildi.

Yangi xabar

Kechqurun Fatvo markazi “Tuzatish va uzrnoma” e’lon qildi, aytilishicha, material texnik sabablarga ko‘ra e’tiborsizlik natijasida taqdim etilgan.

Fatvo markazi direktori shayx Nuriddin Xoliqnazar va uning o‘rinbosarlari ayni damda Haj safarida, “mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagan”, “zamonaviy masalalarni keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Markaz uzr so‘rab, ilmiy tadqiqot yakunlangach, fatvo qayta e’lon qilinishini ma’lum qildi.