3-iyun kuni Toshkent shahri hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ta’kidlanishicha, oxirgi yillarda poytaxtda Tashkent City, Tashkent City Mall, Magic City kabi turizm maskanlari barpo etildi. Bu majmualarga yiliga 4 milliondan ziyod odam tashrif buyuryapti, ularning 35 foizidan ko‘pi xorijiy turistlar, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Lekin poytaxt hokimligi o‘z tashabbusi bilan yangi takliflar bilan chiqmayapti”, — deyildi prezident majlisida.

Shu bois bosh vazirga turizm bo‘yicha har bir hokim o‘rinbosari ishiga baho berish topshirildi.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev va ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Foto: Prezident matbuot xizmatiTurizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev va ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Faxriddin Davrukov 2021-yil aprel oyida Toshkent shahri hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi.

U Toshkent moliya instituti (1997) va prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini (2003) bitirgan. Ko‘p yillar davomida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida va Vazirlar Mahkamasida ishlagan.