Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlari tuziladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-maydagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Prezident 2021-yilning 20-avgustida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatidagi ilk uchrashuvini o‘tkazgandi. Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol va takliflar kelib tushgan. Ular yetti yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtirilgan, shundan so‘ng ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha prezidentning qator qarorlari qabul qilingan. O‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bunday tadbirni har yili o‘tkazish va 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Jamshid Xodjayev (hamraislar) boshchiligidagi yangi komissiya har yili 15-iyundan muloqotga qadar tadbirkorlardan takliflarni tunu kun qabul qilishni tashkil etadi, tizimli muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar har kuni tadbirkorlardan kelib tushgan individual xususiyatga ega masalalar joyida hal qilinishini ta’minlaydi.

Savdo-sanoat palatasiga murojaatlarni qabul qilish va qabul qilingan qonun hujjatlari bilan muloqot natijalarini e’lon qilish uchun “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasini ishga tushirish topshirildi.

Komissiya har yili prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqot joyini aniqlab beradi. 2024-yilda u Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilish belgilandi. Bungacha barcha uchrashuvlar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan.

Xorijiy investorlar ishtirok etishi kerak bo‘lgan xalqaro biznes-forum ham muloqotga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, yil oxiriga qadar O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tadbirkorlar muammolarini tahlil qilish bo‘yicha ekspert guruhlari yo‘nalishlari

  1. Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
  2. Soliq tizimini takomillashtirish;
  3. Ishlab chiqarish maydonlari bilan ta’minlash
  4. Infratuzilma bilan ta’minlash;
  5. Transport logistika;
  6. Tadbirkorlar mahsulotlariga bozor topish;
  7. Tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalar;
  8. Tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish;
  9. Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish.