2024-yilning birinchi choragida O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari 52,6 trillion so‘mni tashkil etdi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

2024-yilги davlat budjeti, davlat budjeti, davlat budjeti daromadlari, иқтисодиёт va moliya vazirligi

Bu ko‘rsatkich 2023-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 5,3 trillion so‘mga oshgan. 2022-yilning birinchi choragida daromadlar 23,5 foizga oshgan bo‘lsa, 2023-yilning shu davrida ular 12,8 foizga, joriy yilning birinchi choragida esa 11,3 foizga o‘sgan. Shunday qilib, daromad o‘sishi ketma-ket ikkinchi yil sekinlashdi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS) bo‘yicha tushumlar 17 foizga — 6,6 trillion so‘mdan 7,7 trillion so‘mgacha, mol-mulk solig‘i — 1,3 trillion so‘mdan 1,7 trillion so‘mgacha (+30,5 foiz), yer solig‘i — 1,4 trilliondan 1,9 trillion so‘mgacha (+30 foiz), bojxona to‘lovlari — 2,2 trillion so‘mgacha (+27,6%) o‘sdi.

Davlat budjetiga daromad solig‘idan 12,3 trillion so‘m tushdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga ko‘p (2023-yilda o‘sish 2,6 foiz, 2022-yilda 8,7 foiz). Daromadlarning o‘sishi asosan metallurgiya zavodlarining oltin sotishdan olgan foydasi bilan bog‘liq bo‘lib, uning narxi jahon bozorlarida yangi rekordlarni o‘rnatgan.

QQS tushumlari 13,22 trillion so‘mdan 12,27 trillion so‘mgacha (-7,2 foiz) qisqardi, 2023-yilning birinchi choragida 12,1 foizga o‘sish kuzatildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha yalpi tushumlar (qaytariladigan summa bilan birga) 19,3 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga oshgan. O‘tgan yilning shu davrida tadbirkorlarga 4,6 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilgan bo‘lsa, bu joriy yilda 7 trillion so‘mni tashkil etdi.

Jami aksiz tushumlari 3,7 trillion so‘mga (+7 foiz) o‘sdi, biroq alkogol mahsulotlarida — 492,7 milliard so‘mdan 391,7 milliard so‘mgacha (-20,5 foiz), gazda — 1,36 trillion so‘mdan 1,08 trillion so‘mgacha (-20,6 foiz), polietilen granulalarda esa 63,8 mlrd so‘mgacha (-3,8%) pasayish kuzatildi.

Imtiyozlarning bekor qilinishi munosabati bilan Ai-80 benzinidan olingan aksiz tushumlari 450 milliard so‘mga oshdi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirishdan mahalliy budjetlarga 91 milliard so‘m tushdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50,2 milliard so‘mga yoki 35,5 foizga kamdir.

Davlat bojlari tushumlari 702,1 mlrd so‘mga (+16,3%), jarimalar 508,2 mlrd so‘mga (+16,2%) o‘sdi, lekin yig‘imlar bo‘yicha tushumlar 275,9 mlrd so‘mga (-24,6%) kamaydi.

2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 34,9 milliard dollarni tashkil etib, bir yil davomida 5,7 milliard dollarga oshgani haqida xabar bergandik (rejadagi 2,9 milliard dollar o‘rniga). Olti yil ichida qarz 3 barobarga oshgan. O‘tgan yili davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari keskin oshdi.