O‘zbekistondagi xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz mavjud emas. Bu haqda 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev 1-maydan energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etilgani, biroq buni belgilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolarning ehtiyoji inobatga olinmaganini qayd etdi.

 Doniyor G‘aniyev. Foto: Qonunchilik palatasi Doniyor G‘aniyev. Foto: Qonunchilik palatasi

“Bu og‘riqli qaror edi, lekin qilishimiz ham kerak edi. Joylarda ham tushuntiryapmiz. Manzilli ro‘yxat asosida tegishli odamlarga subsidiya berilishini tushuntiryapmiz. Ko‘p holatlarda odamlar buni tushunyapti. Lekin joylarda ijtimoiy limit bo‘yicha ba’zi e’tirozlar bo‘lyapti. Eng katta e’tirozlardan biri — limitni belgilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolarning ehtiyojlari inobatga olinmagani”, — dedi u.

Deputat bu e’tiroz haqida gapirarkan, gaz yetib bormagan xonadonlar qishda o‘z-o‘zidan isitish uchun elektrga ko‘proq murojaat qilishi, oqibatda mazkur resursdan foydalanish ortib ketishini ta’kidladi. Bu esa, o‘z navbatida, qish mavsumida aholiga to‘lovlar nihoyatda oshib ketishiga olib kelishi qayd etildi. Deputat agar bu muammoga tizimli yechim topilsa, 100 minglab aholining muammosi hal bo‘lishini keltirib o‘tdi.

Bu masalaga yuzasidan javob berarkan, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov savol to‘g‘ri qo‘yilganini bildirdi.

Jamshid Qo‘chqorov.Jamshid Qo‘chqorov.

“Aholining, to‘g‘riroq aytganda, xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘q. Ular ko‘mir, o‘tinni asosan bozor narxida oladi. Ayniqsa, o‘tinni. Ko‘mirni ma’lum miqdorda, o‘zimizning ko‘mirdan cheklangan narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega. Agar to‘g‘ri tushunayotgan bo‘lsam, savolda gaz yo‘qligi uchun ular qanaqadir ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dastagidan foydalanadimi, deyilyapti. Bu savol to‘g‘ri deb o‘ylaymiz, ayniqsa, qish paytida”, — dedi vazir.

Jamshid Qo‘chqorov mazkur masala inobatga olinishi, bu haqda maslahatlashilgach, xabar berilishini bildirdi.

Joriy yilning 24-may holatiga ko‘ra, 4,26 million abonent tabiiy gaz, 3,7 milliondan ortiq xonadon suyultirilgan gaz iste’mol qilmoqda, ya’ni 46,7 foizga yaqin abonent gaz quvurlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

Eslatib o‘ztamiz, 1-maydan O‘zbekistonda elektr va gaz tariflari oshirildi, energiya iste’moliga ijtimoiy normalar joriy etildi.

Energoresurslar iste’moli uchun ijtimoiy norma quyidagicha:

  • elektr energiyasiga — oyiga 200 kVt/soatgacha;
  • gaz (martdan-oktabrgacha) — 100 kub metrgacha;
  • gaz (noyabrdan-fevralgacha, ya’ni isitish mavsumida) — 500 kub metrgacha.

Bu norma 2022-yil iyul oyida o‘rnatish taklif qilingan miqdordan kamroq (o‘shanda elektr energiyasi — 250 kVt/soat, isitish mavsumidan tashqari gaz — 200 kub metr, isitish mavsumida — 700 kub metr etish taklif etilgandi), ammo keyin tariflarni oshirishdan va normalarni joriy etishdan voz kechilgan.

Ijtimoiy norma deganda aholi tomonidan imtiyozli stavkada to‘lanadigan miqdor tushuniladi. Belgilangan me’yorgacha elektr energiyasi yoki gaz nisbatan arzon (imtiyozli) narxda, ushbu me’yordan yuqori — bozor narxlarida sotiladi.

Yangi tariflarda oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasidan foydalanuvchilar xarajatlari 1,5 barobarga — oyiga 31 ming so‘mga, 300 kVt/soatgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun — 91,5 ming so‘mga (2 baravar), 500 kVt/soatgacha bo‘lgan abonentlar uchun esa 212,5 ming so‘mga (2,5 baravar) oshadi.