Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mas’ul shaxslarga qo‘shni davlatlardagi hamkasblari bilan chegarani kesib o‘tish jarayonini osonlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirig‘ini berdi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari mamlakatda o‘tkaziladigan festivallar kalendar-rejasini takomillashtirish, chet ellik mashhur ijrochilar konsertini o‘tkazishga talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ham ta’kidladi.

Matbuot xizmatiga ko‘ra, sayyohlar mahalliy reyslarga samolyot va poyezd uchun ikki oy uyoqda tursin, yarim yil oldin chipta olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Mutasaddilarga barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish topshirildi. Bunda chiptalarni tabaqalashgan narxda kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida havo transporti hajmini 4 barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Bu maqsadni amalga oshirish uchun sohada yillik o‘sish sur’ati kamida 20 foizni tashkil etishi kerak, deyiladi fevral oyida bo‘lib o‘tgan taqdimotda. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev aviachiptalarning yuqori narxlari, mavjud talabni qondirish uchun ichki va xalqaro reyslar yetarli emasligini ta’kidlagandi.