Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga turizm yo‘nalishi bo‘yicha raislik O‘zbekistonga berildi, deya xabar qilmoqda Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi axborot xizmati.

31-may kuni Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan IHTga a’zo davlatlarning turizm vazirlari yig‘ilishida xalqaro tadbirni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlari hamda mamlakatda turizmni rivojlantirishda olib borilayotgan ishlar qayd etildi.

Ekspertlar guruhi yig‘ilishida rasmiylar tomonidan tashkilotda turizm yo‘nalishi bo‘yicha raislik Ozarbayjondan O‘zbekistonga o‘tgani e’lon qilindi.

2-iyun kuni esa Xiva shahrida “Xiva — 2024-yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostidagi IHT turizm vazirlari Islom konferensiyasining XII sessiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi.

Tadbirda IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziri, O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va boshqalar ishtirok etdi.

Aziz Abduhakimov. Foto: Ekologiya vazirligiAziz Abduhakimov. Foto: Ekologiya vazirligi

“2023-yil yakunida O‘zbekistonda turizm sohasi to‘liq qayta tiklandi. Yurtimizga 7 million nafar sayyoh tashrif buyurdi. Ichki turizm yo‘nalishida 21 million sayohat amalga oshirildi. Turizm xizmatlari eksporti 2,1 milliard dollardan oshib, umumiy xizmatlar eksportining 40 foizni tashkil qildi. Sohada bugungi kunda 370 ming kishining bandligi ta’minlangan. Jadal rivojlanayotgan turizm biznesi muhiti, tadbirkorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, yangi infratuzilma va imkoniyatlar sabab aholi orasida, ayniqsa, yoshlar uchun turizm ommabop sohaga aylanib bormoqda. Turizm xizmatlari diversifikatsiya qilinishi evaziga xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonda o‘rtacha qolish muddati 2017-yildagi 3−4 kundan hozirda 8−10 kungacha uzaytirildi”, — dedi vazir.

Abduhakimovga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z raisligi davomida IHT hududida “kelajak turizmi”ni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Xususan:

  • “Smart-turizm manzillari” dasturini amalga oshirish;
  • “Islom turizm maskanlari” dasturi hamda mega-infoturlar tashkil qilish;
  • “IHT Turizm infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi”ni tuzish;
  • Islom sivilizatsiyasi uchun qadrli madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiyasiga homiylik va xayriya faoliyatini kuchaytirish;
  • “IHT Ekoturizm tarmog‘i”ni shakllantirish;
  • BMT Turizm tashkiloti va Samarqanddagi Xalqaro turizm akademiyasi o‘rtasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

turizm qo‘mitasi, хиva, ekologiya vazirligi

“Islom turizmiga qiziqish ortib borayotgani IHTga a’zo davlatlarga sanoatni rivojlantirishda muhim afzalliklarni taqdim etadi. Halol ta’minot zanjiridan foydalanish borasida jamoaviy harakat qilish islom turizmini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega. Islom turizmi bugungi kunda iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi eng ta’sirli tarmoqlardan biriga aylandi va, shuningdek, IHT doirasida turizmni sezilarli darajada yaxshilash imkoniyatini taqdim etadi. Bu a’zo davlatlar uchun ushbu jadal rivojlanayotgan sektorning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy afzalliklaridan foydalanish uchun ajoyib imkoniyatdir”, — dedi IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha.

Bundan tashqari, ikkita ishchi sessiya ham tashkil qilindi. Birinchi ishchi sessiyada Vazirlar konferensiyasining kun tartibi va ish dasturi qabul qilindi. Ikkinchi ishchi sessiyada vazirlar va delegatsiyalar rahbarlarining bayonotlari davom ettirildi, turizmni rivojlantirish bo‘yicha qaror ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda Bakuda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri — Xiva 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya e’lon qilingandi. Islom hamkorlik tashkiloti e’tirofning asosiy omillari sifatida viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab islohotlarni e’tirof etgan.

Shu o‘rinda, Xiva shahrining tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, qolaversa, elektr ustunlarning demontaj qilingani, sayyohlarning katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani, 5 yulduzli mehmonxona qurilishi hamda butik-otel va hostellar qurilishi faol davom etayotgani alohida qayd etilgan o‘shanda.