2026-yil 1-iyuldan UzGasTrade aksiyadorlik jamiyatining tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi eksklyuziv huquqi bekor qilinadi. Bu prezidentning 4-iyun kuni O‘zAda e’lon qilingan farmonida nazarda tutilgan.

2026-yil 1-iyuldan, shuningdek, “O‘zenergosotish” aksiyadorik jamiyatining ham elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish bo‘yicha huquqi bekor qilinishi belgilangan.

Farmon “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish, jumladan, milliy iqtisodiyotning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish maqsadida imzolangan.

Hujjat bilan, shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan quyidagi kompaniyalarning maxsus huquqlari ham bekor qilinishi belgilandi:

  • “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
  • “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
  • “O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
  • “O‘zkimyoimpeks” MCHJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi.

Shuningdek, 2025-yildan tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.