O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga, shuningdek, mahalliy elektr jihozlarini ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlar qisman bekor qilinadi. Bu prezidentning 3-iyundagi bozor islohotlarini jadallashtirish va milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha farmonida nazarda tutilgan.

Gap “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadigan korporativ buyurtmachilar (masalan, NKMK, OKMK, “O‘zbekneftgaz” va boshqa yirik davlat korxonalari) tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiya haqida ketmoqda.

Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqarilgan elektrotexnika va maishiy mahsulotlarga nisbatan 20 foizgacha bo‘lgan narx preferensiyasini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Biroq rejalashtirilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mazkur imtiyoz va preferensiyalar faqat korporativ buyurtmachilar tomonidan tovarlarni tijorat maqsadlarida qayta sotish yoki ishlab chiqarishda ushbu maqsadlarda foydalanish uchun davlat xaridlari uchun bekor qilinadi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab davlat xaridlarida “sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash” maqsadida budjet buyurtmachilari tomonidan, shu jumladan, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar G‘aznachilik xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan (hisobga olingandan) keyin amalga oshiriladi.

Davlat buyurtmachilari bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga davlat xaridlarini amalga oshirishda sohaga oid qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, shuningdek, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki loyiha hujjatlarini tayyorlash qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borilganda, konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar, shuningdek, davlat banklari va davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlanadi.

2019-yil 1-iyuldan elektrotexnika va maishiy mahsulotlarni davlat xaridida mahalliy korxonalarga 20 foizgacha bo‘lgan narx preferensiyalari qo‘llab kelinadi.

Avval xabar berganimizdek, prezident qarori bilan O‘zbekistonda elektrotexnika ishlab chiqaruvchilarga yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar va 2027-yilgacha soliq imtiyozlari berilgan, davlat xaridlarida imtiyozlar berish va ularda xorijiy tovarlarning ishtirokini cheklashni kuchaytirish, marketing tadqiqotlari xarajatlarining bir qismini qoplash va boshqalar nazarda tutilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘yicha Hukumat komissiyasi 2027-yilgacha O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish va ularni amalga oshirish uchun budjetdan mablag‘ olish huquqiga ega bo‘lgan.

Bundan tashqari, 1-fevraldan muzlatkich, radiator, changyutkich, kir yuvish mashinasi, televizor, radiator, qozonxona, suv isitkichlari va boshqa mahsulotlarni (jami 13 turdagi) import qilishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari yoki rasmiy dilerlari bo‘lishi talab qilinmoqda. Shu bilan birga, ular servis bilan ham shug‘ullanishi kerak. Adliya vazirligi ushbu ro‘yxat hujjatni ekspertizadan o‘tkazishda mavjud bo‘lmaganini ma’lum qilgandi.