O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 11 foizga o‘sib, 5,13 milliard yevroga yetdi. Jumladan, Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga eksport 4,35 milliard yevroni, O‘zbekistondan YeIga import 780 million yevroni tashkil etdi.

Bu raqamlarni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian 5-iyun kuni mamlakat va YeI o‘rtasidagi diplomatik va iqtisodiy munosabatlarga bag‘ishlangan kechada so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. Delegatsiya hamda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik uyushmasi EUROUZ tomonidan o‘tkazilgan tadbirda tashkilot a’zolari, Yevropa Ittifoqi diplomatik vakolatxonalari hamda O‘zbekistonning davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

Elchi, shuningdek, 2022-yilda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonga eksporti 3,77 milliard yevroga yetganini, 63,9 foizga o‘sganini, O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga importi esa 845 million yevroni (o‘sish 77,1 foiz) tashkil etganini, o‘sha yilda tovar aylanmasining umumiy o‘sishi 70% dan oshganini eslatdi.

“Ushbu raqamlar ortida bizning biznesimiz O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha qanday dadil qarorlar qabul qilgani haqida so‘zlaydi”, — dedi diplomatik missiya rahbari.

Bu yil O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Sharlotta Adrian bu haqda gapirar ekan, Yevropa Ittifoqi “O‘zbekiston boshlagan ulkan islohotlar yo‘lini” qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

“Biz O‘zbekistonga o‘z ixtiyorimizdagi barcha vositalardan foydalangan holda yordam ko‘rsatishda davom etamiz, ulardan biri GSP+ va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti yoki EPCA (Yevropa neft-kimyo assotsiatsiyasi — tahr.)ga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, bu hamkorligimizning yangi sahifasini ochadi”, — dedi Yevropa Ittifoqi elchisi.

“Islohotlar yo‘lidan borish teng sharoit yaratilishiga olib keladi va umid qilamizki, Yevropa kompaniyalarini O‘zbekistonga ko‘proq e’tibor qaratishga undaydi”, — dedi Sharlotta Adrian.

европа иттифоқи, eurouz

EUROUZ bosh kotibi Oybek Shayxov va boshqaruv kengashi a’zosi Lui Skayner ko‘proq imkoniyatlarni real sarmoyaga aylantirish va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni yaxshilash uchun xorijiy investorlar, mahalliy biznes vakillari va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida samarali muloqot uchun platforma yaratish muhimligini ta’kidladi. Bu jarayonda EUROUZ`ning o‘rni borligi ham qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, EUROUZ O‘zbekistondagi Yevropa savdo palatasi bo‘lib, o‘z a’zolariga maqsadli bozorni aniqlash, biznes aloqalarini o‘rnatish va hukumat hamda biznes o‘rtasida muloqotni ta’minlashda yordam beradi. U Bryusselda joylashgan bo‘lib, 2023-yil dekabr oyida Toshkentda filialini taqdim etgandi.