Rossiyaning “Inter RAO” energetika kompaniyasi kuzda O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu haqda kompaniya boshqaruvi a’zosi va kuzatuv kengashi raisi Aleksandra Paninaga asoslanib, “TASS” xabar berdi.

“Rossiya elektr energiyasi zarurat, u kuzgacha berilishi kerak bo‘ladi. O‘ylaymanki, kuzgacha Qozog‘istonning rejalari O‘zbekiston energetika tizimiga qanday hajmlarni o‘tkazishi mumkinligi borasida aniqroq ishlab chiqiladi”, — dedi u Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi chog‘ida jurnalistlarga.

Fevral oyida “Inter RAO” (Rossiyadagi elektr energiyasi import-eksport bo‘yicha yagona operator) vakili O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganish haqida gapirgandi.

“Qiyinchilik shundan iboratki, uni Qozog‘iston orqali tranzit yo‘lda, bloklangan Shimol-Janub uchastkasi orqali yetkazib berish kerak, u orqali yetkazib berish Qirg‘izistonga amalga oshirilmoqda, O‘zbekistonga hajm ajratish qiyin”, — degandi Aleksandra Panina.

Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi chog‘ida Rossiya energetika vaziri Sergey Sivilev Rossiya va O‘zbekiston nafaqat gaz, balki elektr energiyasi yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha faol muzokaralar olib borayotganini aytggandi. Hajmlar esa hamon muzokaralar mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, may oyida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusida mamlakatga elektr energiyasi importi chorakka — 4 dan 3 milliard kVt/soatga kamayganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalarining ishga tushirilishi va issiqlik elektr stansiyalarining samaradorligini oshirish taqchillikni qoplash va energiya eksporti istiqbollarini ochish imkonini berdi (Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berish rejalashtirilgan).

Hozirda O‘zbekiston elektr energiyasini Turkmanistondan, yozda esa Qirg‘izistondan import qiladi.

“Inter RAO YeES” — 1997-yilda tashkil etilgan energetika kompaniyasi. “Inter RAO”ning dastlabki ixtisoslashuvi elektr energiyasining xalqaro savdosi bo‘lgan.