Shavkat Mirziyoyev G‘arb davlatlarining Falastin fojiasiga bo‘lgan munosabati qattiq xavotirga solayotgani va amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilayotganini ta’kidladi. U bu haqda 6-iyun kuni Turkiyaga tashrifi doirasida OAV vakillariga bergan bayonotida gapirdi.

Davlat rahbari Rajab Toyyib Erdog‘an bilan eng dolzarb mintaqaviy masalalar bilan batafsil fikr almashganini aytdi. Xususan, G‘azo sektorida 8 oydan buyon qonli voqealar davom etayotgani, oqibatda 40 mingga yaqin tinch aholi, bolalar va qariyalar qurbon bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

“Bugun xalqaro hamjamiyatning, jumladan, G‘arb davlatlarining bu fojiaga bo‘lgan munosabati bizni qattiq xavotirga solmoqda. Amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilmoqda. Demokratiya va inson huquqlarini keng targ‘ib qilgan va ularning himoyasida turgan yetakchi, rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga, bu vahshiyliklarga ko‘z yummoqda. Albatta, zo‘ravonlikni to‘liq to‘xtatish va tinchlik jarayonini boshlash kerak. G‘azo fojiasi haligacha hal qilinmagan Isroil-Falastin ziddiyatining ayanchli oqibatlaridir. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun, albatta, mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”, — dedi u.

Mirziyoyev aslida Falastin muammosi butun Yaqin Sharq muammosining o‘zagi ekanini aytib, O‘zbekiston ana shu o‘tkir muammo bo‘yicha Erdog‘anning bildirayotgan tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

“Biz muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz bo‘yicha hamkorlikni davom ettiramiz…Hurmatli Erdog‘an janobi oliylarining Islom diniga qarshi har qanday salbiy harakatlarga nisbatan qat’iy pozitsiyasi ham alohida ehtirom va e’tirofga loyiqdir. Biz hozir murakkab vaziyatda dinimizga qarshi yovuz kuchlarning turli xuruj va bosimlariga birgalikda javob qaytarishga kelishib oldik”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning oktabrida O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdamligi va uning qabul qilingan rezolyutsiyalarga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi.

Noyabr oyidagi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida esa Falastin-Isroil urushining mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olayotganini aytgan. “Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz”, — degandi prezident.

Saudiya Arabistonida o‘tgan Arab-islom sammitida qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov a’zo davlatlarni Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa maskanlar daxlsizligini ta’minlashda imkoniyatlarini safarbar etishga chaqirgandi.

U O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun 1,5 mln dollar ajratgani, BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga 120 ta davlat qatorida O‘zbekiston ham yoqlab ovoz bergani, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Isroil-Falastin mojarosiga to‘xtalib o‘tilgani, O‘zbekistonda o‘tgan IHT sammitida ham Shavkat Mirziyoyev urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olayotgani haqida gapirganini so‘zining dalili sifatida keltirgan.