Prezident Shavkat Mirziyoyev “Turkiya Respublikasi nishoni” bilan taqdirlandi. Oliy davlat mukofoti 6-iyun kuni Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan topshirildi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan kunda Turkiyaning bunday yuksak mukofotini olish men uchun katta sharafdir”, — dedi davlat rahbari.
“Ushbu mukofot xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, oliy darajadagi ishonchli muloqot hamda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanishining ramzidir”, — dedi u.
Ma’lumot uchun, mazkur nishon Turkiya bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan davlat amaldorlariga beriladi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning noyabrida Samarqandda Rajab Toyyib Erdog‘anni “Oliy darajadagi Imom Buxoriy ordeni” bilan taqdirlagandi. Ushbu orden bilan ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirish, Islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishdagi xizmatlari uchun ulamolar, tadqiqotchilar, yozuvchilar, shuningdek, davlat va hukumat rahbarlari mukofotlanadi.